Aholi murojaatlari bilan ishlash holati tahlil qilindi

0
70
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgandayoq bir fikrni taʼkidlagandi: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Bu elparvar tamoyil davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Koʻp oʻtmay, 2016 yil 28 dekabrda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi fuqarolar bilan mutasaddi idoralarni bogʻlovchi tizimga aylandi.

Joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yoʻlga qoʻyilgani odamlarda muammolarini hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uygʻotdi. Davlat idoralari quyi tizimga tushib, aholi ehtiyojlari va talablari asosida ishlashni boshladi.

Xalq qabulxonalari orqali va sayyor qabullarda koʻtarilgan dolzarb muammolar tahlili koʻplab islohotlarga ham sabab boʻldi. Masalan, 4 yil oldin valyuta ayriboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olish masalalari boʻyicha har oyda oʻrtacha 100 mingta murojaat tushgan. Bu sohalarda qulaylik yaratilib, muammolar tizimli hal etilgani tufayli ularga oid murojaatlar butunlay toʻxtagan.

Yoki Oʻzbekiston fuqaroligini olish tartiblarining yengillashtirilgani sharofatidan 100 mingga yaqin oila roʻshnolik koʻrgan.

Sud-tergov idoralariga adolat va ochiqlik kirib borayotgani natijasida odamlarning yillab hal boʻlmagan 250 mingta shikoyati ijobiy yakun topgan.

Yigʻilishda aholi murojaatlari bilan ishlashning bugungi holati vazirlik va hududlar kesimida muhokama qilindi.  

Davlatimiz rahbari odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning oʻzida bartaraf qilish kerakligini taʼkidladi.

Buning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

– Har bir hokimning kabineti “xalq qabulxonasi” boʻladi. Murojaatlarni koʻrib, nimalarga eʼtibor qilish boʻyicha har bir rahbarning strategiyasi boʻlishi kerak, – dedi Prezident.

Aholi toʻgʻridan-toʻgʻri tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilning 6 oyida Xalq qabulxonalariga bandlik va tadbirkorlik masalalari boʻyicha kelib tushgan 100 mingta murojaatni toʻliq hokimlik kuchi bilan hal qilish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Misol uchun, Pastdargʻom tumanida tashkil etilgan Mahallabay ishlash markazi 117 ta mahallada xatlov oʻtkazib, 4 ming nafar ishsiz fuqarolarni aniqlagan. Kasb va tadbirkorlikka oʻqitish, biznes loyihalarini tayyorlash, kredit va subsidiya olishga koʻmaklashish orqali ularning 3 mingdan ortigʻi band qilingan.

Bunday tashabbuslarni boshqa hududlarda ham joriy qilish muhimligi taʼkidlandi.

Eng koʻp murojaatlar elektr energiyasi va gaz taʼminoti, bandlik, uy-joy, yer, tibbiy xizmat va xalq taʼlimi masalalari boʻyicha boʻlayotgani qayd etilib, ularni hal qilish choralari koʻrib chiqildi.

Misol uchun, tibbiyot sohasidagi murojaatlarning qariyb yarmini tashkil etayotgan order tartibi oʻrniga ochiq va shaffof tizim yoʻlga qoʻyilsa, kamida 10 mingta shikoyat kamayishi aytib oʻtildi.

Endi murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilandi. Barcha vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlarni roʻyxatga olish, ularni koʻrib chiqish va natijasini nazorat qilish boʻyicha Yagona onlayn platforma yaratiladi. U orqali monitoring yuritilib, har oyda Senatga va Hukumatga tahliliy maʼlumot kiritiladi hamda tanqidiy muhokama qilib boriladi.

Shuningdek, aholi murojaatlarida koʻtarilayotgan masalalarni hal etish boʻyicha vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini Senatda har chorakda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har oyda eshitib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Yigʻilishda mutasaddilar aholi murojaatlari boʻyicha yangicha tizimda ishlash yuzasidan oʻz fikr va rejalarini bayon etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.