Aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish choralari belgilandi

0
111
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 1 aprel kuni aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, 2020 yil 12 noyabrda davlatimiz rahbarining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish toʻgʻrisida farmoni, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini taʼminlash boʻyicha qarori qabul qilingan edi. Ularga muvofiq, kasalliklarni erta aniqlash, toʻgʻri tashxislash va davolash uslublarini oʻzgartirib, bu borada yangicha tizim tashkil etila boshlagandi.

Yigʻilishda ushbu vazifalar ijrosi haqida soʻz borar ekan, Prezident uchta savolni oʻrtaga qoʻydi:

birinchi – joriy etilgan yangi tizim boʻyicha tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga boʻlingani nimani koʻrsatdi?

ikkinchi – mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlay boshlaganidan qancha odam rozi boʻldi?

uchinchi – tibbiyot muassasalarida qaysi xizmatlar bepul boʻldi?

Hozirgi ahvol talabga javob bermayotgani, sohadagi oʻzgarishlarni aholi tezroq sezishi kerakligi taʼkidlandi. Islohotlarni jadallashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga Bosh vazir oʻrinbosari, sogʻliqni saqlash vaziri va uning oʻrinbosarlaridan masʼullar biriktirildi.

Prezidentning 12 noyabrdagi yana bir qaroriga koʻra, Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov oʻtkazildi. Yigʻilishda Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi va Guliston shahar hokimi mazkur yangi tizim natijalari haqida hisobot berdi.

Aytib oʻtilganidek, Sirdaryo viloyatining 236 ta mahallasini toʻliq qamrab olish uchun 421 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilgan. Aholining salomatlik holati xatlovdan oʻtkazilib, ular 4 ta xavf guruhiga ajratilgan va viloyatning “elektron tibbiy xaritasi” yaratilgan.

Misol uchun, Boyovut tumanida 31 ming aholi oʻzini sogʻlom deb bilsa-da, ortiqcha vazn, notoʻgʻri ovqatlanish, zararli odatlar tufayli ularda yurak-qon tomir, diabet, oʻpka kasalliklariga chalinish ehtimoli yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, ilgari shifokorga murojaat qilmagan 257 nafar fuqaroda kasalliklar ogʻir bosqichda ekani maʼlum boʻlgan.

Davlatimiz rahbari bu tajribani tizimli davom ettirib, barcha hududlarda joriy etish boʻyicha koʻrsatma berdi. Buning uchun qishloq va mahallalarda tibbiyot brigadalari tashkil etilib, aholini manzilli koʻrikdan oʻtkazish va davolash ishlari olib boriladi, hududlarning “tibbiy xaritalari” shakllantiriladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining vertikal ish tizimini takomillashtirib, ularni oilaviy shifokor punktlari bilan bogʻlash zarurligi taʼkidlandi. Yaʼni, bemorlarni ovora qilib poytaxtga yubormasdan, ularga yashash joyida malakali tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratish kerak.

Oʻtgan yili ixtisoslashtirilgan markazlarda davolanishga muhtoj 84 ming nafar bemordan atigi 51 ming nafari bepul order bilan taʼminlangan.

Prezident orderlar uchun mablagʻni deyarli 1,5 baravarga koʻpaytirib, qoʻshimcha 80 milliard soʻm ajratish boʻyicha Moliya vazirligiga koʻrsatma berdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga, yil yakuniga qadar har bir bemorni sogʻlomlashtirish manzili va muddatlarini belgilab, davolashni tashkil etish boʻyicha vazifa qoʻyildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari oʻz yoʻnalishi boʻyicha hududlardagi 3 mingdan ziyod oilaviy shifokorni qisqa muddatli kurslarda oʻqitadigan boʻldi.

Yana bir masala – bugungi kunda donor bemorning yaqin qarindoshi boʻlmasa, transplantatsiyaga ruxsat berilmagan. Oqibatda, koʻpchilik fuqarolarimiz bunday amaliyotni chet elda oʻtkazishga majbur boʻlmoqda. Shu bois inson aʼzolari transplantatsiyasining qonuniy asoslarini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mamlakatimizda xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun barcha huquqiy asoslar, imkoniyatlar yaratilgan. Lekin hududlarda kasalliklarning turiga qarab, xususiy shifo maskanlarini tashkil etish ishlari yetarli darajada emasligi qayd etildi.

Misol uchun, aholi orasida ehtiyoj yuqori boʻlgan gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari boʻyicha xususiy klinikalar yetishmaydi.

Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni koʻpaytirish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalarini kompyuter tomograflari bilan taʼminlash, ulardan foydalanish boʻyicha xodimlar malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Sohadagi korrupsiya illatiga ham toʻxtalib oʻtildi. Oʻtgan yili tizimda 30 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ talon-toroj qilingani aytildi. Shuning uchun, taʼsirchan nazorat tizimini oʻrnatib, ajratilayotgan mablagʻlar joyiga yetib borishi, dori-darmon va tibbiyot uskunalarining ochiq-oshkora sotib olinishi, pullik xizmatlardan tushumlar maqsadli ishlatilishini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Yigʻilishda kadrlar masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Maʼlumki, bu borada chekka hududlarda ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, “Qishloq shifokori” dasturi qabul qilingan edi. Bunday joylarda ishlamoqchi boʻlgan shifokorlarga 30 million soʻm pul berilishi belgilanib, bu maqsadlar uchun byudjetdan 20 milliard soʻm ajratilgan. Lekin, oradan 4 oy vaqt oʻtgan boʻlsa-da, birorta talabgor bilan shartnoma imzolanmagan. Vaholanki, bugungi kunda olis va chekka hududlar uchun 220 ta shifokor zarur. Bundan tashqari, hududlarda 10 ming nafar tor mutaxassis yetishmaydi.

Shu bois kelgusi oʻquv yilidan klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki baravarga oshirilishi belgilandi. Ushbu yangi tizimda ordinatorlar oʻquv jarayonining yarmini oliygoh va ixtisoslashgan markazlarda, qolgan yarmini esa ish joyida davom ettiradi. Viloyat hokimlari oʻz hududi uchun zarur boʻlgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun mahalliy byudjetdan grant ajratadi.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatga alohida toʻxtaldi.

– Joriy yil boshida kuniga oʻrtacha 30-40 nafar bemor aniqlangan boʻlsa, mart oyi oʻrtalaridan bu koʻrsatkich 160-180 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikning oʻta ogʻir kechishi, hattoki oʻlim holatlari ham qayd etilmoqda. Buning sababi – koʻpchilik fuqarolar xotirjamlikka berilib, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin talablariga befarq boʻlib qoldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh vazirga koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirish, tunu kun ishlaydigan “koll-markaz”lar va mobil brigadalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi. Dori-darmon va himoya vositalarining kamida 3 oylik zaxirasini shakllantirish, hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash boʻlimlarini kislorod bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

– Afsuski, bu baloning oxiri koʻrinmayapti. Yevropa davlatlari yana lokdaunga kiryapti. Qoʻshnilarimizda ham ahvol yaxshi emas. Xavf yonimizda yuribdi. Shuning uchun ogoh boʻlishimiz kerak. Oldin qanday ishlagan boʻlsak, shu tartibni tiklaymiz. Xudo koʻrsatmasin, shuncha qilgan harakatimiz bekorga ketishi mumkin. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan juda katta marralar qoʻyganmiz. Agar yopilib qolsak, bu natijalarga erisholmaymiz. Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz. Kasallanganlarni ham tez-tez davolash choralarini koʻrish kerak, – dedi Prezident.

Aprel-iyun oylarida xavf guruhiga mansub 4 milliondan ortiq aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. Hozirda 660 ming doza vaksina olib kelingan. Hukumat komissiyasiga Xitoydan yana 3,5 million doza va Rossiyadan 1 million doza vaksina sotib olish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Fuqarolarni yashash manzili boʻyicha emlash kuni va joyi haqida xabardor qilib borish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha vazirlar, hokimlar va tibbiyot muassasalari rahbarlari axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.