Aholi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

0
59
marta koʻrilgan.

“Tashabbusli byudjet” dasturida gʻolib boʻlmagan koʻplab loyihalarga ham mablagʻ ajratiladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun boʻlib oʻtgan yigʻilishda mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

Mamlakatimizda ijtimoiy infratuzilmadagi kamchiliklar manzilli hal etilmoqda. Eng muhimi, bu loyihalar aholining talab va takliflari asosida shakllantirilmoqda.

Shunday ishlar doirasida soʻnggi uch yilda 9 ming 500 ta mahallaga 57 trillion soʻm ajratilgan. Bu mablagʻlar hisobiga 3 ming 500 ta mahallada ichki yoʻllar, yana shunchasida bogʻcha, maktab va shifoxona taʼmirlangan. 1 ming 19 ta mahallada ichimlik va oqova suvi taʼminoti yaxshilanib, 452 tasi zamonaviy qiyofaga keltirilgan.

Inson qadri tamoyili asosida bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar koʻlami 25 trillion soʻmga yetkazildi. Xususan, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 8 trillion soʻm koʻzda tutilgan.

Yaqinda ushbu dasturning 1-mavsumi yakunlandi. Yigʻilishda uning natijalari va amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berildi.

Bu mavsumda aholi tomonidan yoʻl, suv, elektr, maktab, bogʻcha va shifoxonalarni yaxshilashga 34 mingta loyiha takliflari ovozga qoʻyilgan. Ovoz berish jarayoni yakuniga koʻra, 1 ming 666 ta loyiha gʻolib deb topilgan.

Bu borada odamlarning faolligi oshgani ham eʼtiborga molik. Masalan, 2021 yilda ovoz berish jarayonida 1 million 200 ming aholi ishtirok etgan boʻlsa, bu yil 1-mavsumning oʻzida ularning soni 16 milliondan oshdi. Shuningdek, ilk marotaba “Tashabbusli byudjet” dasturida respublikaning barcha mahallalari oʻz loyihasi bilan ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari gʻolib loyihalarni sifatli bajarish bilan birga boshqa loyihalarga ham eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi.

– Masalan, 1 ming 300 ta loyihaga 2 mingdan ortiq aholi ovoz bergan boʻlsa-da, gʻolib boʻlmagan. Bu – 4 milliondan ortiq aholi koʻtargan masala yechimini topmadi, degani. Shuning uchun aholining bu xayrli takliflarini qoʻllab-quvvatlashimiz zarur, – dedi Prezident.

Ushbu loyihalarga qoʻshimcha 1 trillion 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Yana bir muhim jihati, “Tashabbusli byudjet” dasturida qatnashgan 34 mingta loyiha kelgusi yil byudjetini shakllantirish uchun tayyor taklif. Masalan, mahallalardagi tibbiyot muassasalarini taʼmirlash boʻyicha mingdan ortiq, maktablarni parta va kompyuter bilan jihozlashga 5 mingdan ziyod loyiha taklifi kelib tushgan.

Prezident “Tashabbusli byudjet”da 1 ming 500 dan ortiq ovoz toʻplagan loyihalarni 2024 yilgi byudjetni shakllantirishda inobatga olish zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.