Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan tanishish maqsadida 24 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari butun faoliyati davomida har bir soha boʻyicha bevosita joylarga chiqib, xalq bilan muloqot qilib, aholi hayotidan kelib chiqib ish yuritadi. Mamlakatimiz hududlariga tashriflardan asosiy maqsad — qishloq aholisining turmush darajasini koʻtarish, tumanlarni sanoatlashtirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash.
Bu jihatlar Qashqadaryo viloyatiga tashrifda ham namoyon. Davlatimiz rahbari dastlab “Sulton Tex Group” klasterining toʻqimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Bu korxona umumiy qiymati 8 million 200 ming dollarlik loyiha evaziga oʻtgan yili ishga tushgan. Zamonaviy texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 5 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratilgan.
Eʼtiborlisi, klaster “yangi mahsulot — yangi davlat” prinsipi asosida eksportni yoʻlga qoʻygan. Bugungi kunda sifatli tovarlar Amerika Qoʻshma Shtatlari, Kanada, Polsha, Singapur, Rossiya kabi mamlakatlarga toʻliq eksport qilinmoqda. Daromad, ish unumdorligi ham shunga yarasha yuqori. Klasterda paxta yetishtirish va ishlab chiqarishning toʻliq zanjirida 3 mingga yaqin aholi mehnat qilmoqda.
Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bunday loyihalarning viloyat iqtisodiyoti va aholi bandligidagi ahamiyati haqida fikr bildirildi. Mutasaddilarga bu sohada imkoniyatlar toʻliq ishga solinmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
— Aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratish islohotlarimizning asosi boʻlishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, Qashqadaryo viloyatida yurtimizdagi eng koʻp paxta yetishtiriladi. Lekin uni qayta ishlash, tayyor mahsulotga aylantirish hajmi kam. Masalan, mato toʻqish va boʻyash yoʻlga qoʻyilsa, tumanlarda qoʻshimcha 60 ming kishini band qilish mumkin.
Shu maqsadda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi “Sulton staylz” korxonasida ham tatbiq etilmoqda. Amaliy monomarkaz tashkil etilib, ishsiz aholini toʻqimachilik kasbiga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu jarayon ikki bosqichli boʻlib, avval xotin-qizlarga korxonadagi texnologiya va asbob-uskunalardan foydalanish, mehnat xavfsizligi qoidalari oʻrgatiladi. Keyingi bosqichda ular murabbiylarga biriktirilib, bevosita ish oʻrinlarida amaliy bilim va koʻnikmalarni egallaydi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida turizmni rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi. Qishloqlarda infratuzilmani yaxshilab, sayyohlik yoʻnalishlariga kiritib, aholi uchun daromad manbalarini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.