Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 dekabr kuni aholini talab yuqori kasblarga oʻqitish va daromadli ish bilan taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu masala davlatimiz ijtimoiy siyosatida doim ustuvor. Iqtisodiy globallashuv jarayonida oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan talab kun sayin oshib borayapti.
Shu bois yigʻilishda oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlashdagi asosiy masalalar tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilandi.
Soʻnggi besh yilda sanoat korxonalariga 24 milliard dollarlik uskunalar olib kelinib, 63 mingta yangi quvvat ishga tushirilgan, 1 million 500 mingta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Hozirda iqtisodiyot tarmoqlarida 200 mingdan ortiq malakali mutaxassisga talab bor.
Kelgusi uch yilda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushadigan korxonalarda yana 500 ming nafar ishchiga talab yuzaga keladi. Yangi uskunalar va texnologiyalarda ishlash uchun malakali kadrlar suv va havodek zarur.
Mamlakatimizda salohiyatli kadrlar tayyorlash uchun texnikumlar bilan korxonalarni bogʻlab, dual taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha ijobiy tajribalar bor. Xususan, Asaka transport va mashinasozlik texnikumi, Buxoro shahar energetika, neft va gaz sanoati texnikumi, Shirin energetika texnikumi, Gʻuzor tumani va Shahrisabz shahri 1-son texnikumlarida mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda zamonaviy mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Shu bilan birga, xususiy korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga manfaatli sharoit qilib berish orqali dual taʼlim qamrovini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab berildi.
Germaniya bilan hamkorlikda 14 ta texnikumda talab yuqori kasblarga va nemis tiliga oʻqitish yoʻlga qoʻyilmoqda. Hokimlar va tarmoq rahbarlariga har bir hududda kamida 5 tadan texnikumda ushbu tajribani joriy qilish topshirildi.
Zamonaviy kasblarda xorijiy tillarni bilish juda muhim. Shu bois maktablar va kasb-hunarga oʻqitish markazlarida bunday darslarni koʻpaytirish, texnikumlarga xorijdan oʻqituvchilar olib kelish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi 65 ta kasbiy koʻnikma markazida oʻqitish sifatini oshirish, grantlar jalb etib, zamonaviy kasblarga mos uskunalar bilan jihozlash kerakligi aytildi.
Viloyatlardagi 13 ta qurilish kasbiga oʻqitish markazi dasturlari ham mehnat bozoridagi talab yuqori kasblarga moslashtiriladi. Qabul tizimi raqamlashtirilib, yiliga 20 ming fuqaro kasbga tayyorlanadi.
Kasblarni mustaqil yoki shogirdlikka tushib oʻrganganlarga xalqaro tan olinadigan sertifikatlar berish yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun hududlarda 5 ta Kasbiy malakani baholash markazi tashkil qilinadi.
Tashqi ishlar vazirligiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda oʻqish va malaka oshirish, zamonaviy korxonalarda ishlash istagida boʻlgan fuqarolarga yengillik boʻlishi uchun viza tartibini soddalashtirish boʻyicha zarur choralar koʻrish topshirildi.
Maʼlumki, rivojlangan davlatlarda talabalar uchun “Work and Travel” kabi koʻplab dasturlar bor. Jumladan, Oʻzbekistonlik yoshlar taʼtil vaqtida chet elga borib, ham bilim olayapti, ham daromad topayapti. Bu dasturlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida, kelgusi yildan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan talabalarning yoʻlkira xarajatlari uchun ssuda ajratish yoʻlga qoʻyilishi aytildi.
Bundan tashqari, chet elda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan muloqotni kuchaytirish, ularning koʻproq oylik olishiga sharoit yaratish hamda ijtimoiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.
Yigʻilishda mutasaddilarning axboroti eshitildi. Ishsiz aholini talab yuqori kasblarga oʻqitish, xorijdan qaytganlarning bandligini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.