Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 aprel kuni yangi uy-joylar qurilishi va 2023 yilgi ipoteka dasturi boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5 million 500 ming nafarga oʻsib, 36 milliondan oshdi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida turar joylar qurilmoqda.
Xususan, 2017 yildan boshlab, 326 mingta yangi uylar foydalanishga topshirilgan. Bu davrda uy-joy bilan taʼminlash aholi jon boshiga 18 foizga oshgan.
Buning uchun soʻnggi uch yilda banklar 210 ming oilaga 33 trillion soʻmlik ipoteka kreditlari ajratgan. Ehtiyojmand 73 ming oilaga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari uchun 1,3 trillion soʻm subsidiya berilgan.
Sohaga bozor tamoyillari joriy qilingani natijasida yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllandi. Yigʻma temir-betonli koʻp qavatli uylar quruvchi 11 ta yirik klaster paydo boʻldi. Tadbirkorlarga sharoit yaratilgani tufayli sement, gazoblok, kafel, keramogranit ishlab chiqarish koʻpayib, ularning narxi ancha arzonlashdi.
Bu ishlar izchil davom ettirilib, oʻtgan yili 60 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etildi. 31 ta hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlandi.
Yigʻilishda avvalo ushbu dastur ijrosi tanqidiy muhokama qilindi. Andijon va Xorazmda yer toʻgʻri tanlangani, infratuzilma yaratilgani natijasida qurilish jadal ketayotgani, lekin qolgan viloyatlarda bu ishlar kechikayotgani koʻrsatib oʻtildi. Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish boʻyicha oʻrinbosarlariga nisbatan intizomiy chora koʻrildi. Mutasaddilarga infratuzilma, qurilish va sotuv bilan bogʻliq masalalarni hal qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Umuman, joriy yilda uy-joy qurish hajmini 1,5 baravar oshirib, 90 mingga yetkazish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari bu ishlar har bir viloyat iqtisodiy koʻrsatkichlari oʻsishiga katta turtki berishini taʼkidladi. Shu bois aholi va quruvchilar uchun 4 ta yoʻnalishda yangi yengillik va imkoniyatlar belgilandi.
Birinchidan, koʻproq aholini qamrab olish maqsadida rasmiy daromadi yetarli boʻlmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi. Ularning toʻlov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga toʻlangan pullari ham hisobga olinadi.
Dastlabki badalni koʻproq toʻlagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega boʻladi. Subsidiyaga ajratilgan mablagʻlarni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Shu bilan birga, bu oylar davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ipoteka krediti uchun mablagʻ hamda subsidiya ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlashga qaratilgan yana bir loyiha – “Mening birinchi uyim” dasturi. Buning uchun Qurilish vazirligi huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etiladi. Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 36 gektar yer ajratilib, 58 ta koʻp qavatli uy, ijtimoiy muassasalar, koʻngilochar maskanlar quriladi. Bunda tadbirkorlarga savdo va tijorat maydonlarini bozor narxida sotish orqali uy-joylar narxini arzonlashtirishga erishiladi.
Mutasaddilarga ushbu shaharchaning master rejasini yakunlab, ekspert va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Ikkinchidan, qurilish tannarxini pasaytirish uchun yogʻoch, fanera, yogʻochli opalubka va oynani import qilishda 2025 yilga qadar bojxona boji bekor qilinadi. Yuqori markali sement boʻyicha bojxona boji imtiyozi yana 1 yilga uzaytiriladi. Buning hisobiga uy-joy qurish tannarxi 5 foizgacha pasayadi.
Pudratchi tashkilotlarga qurilayotgan uyni qavatma-qavat garovga qoʻyish va har bir qavati uchun kredit olish huquqi beriladi. Quruvchi kompaniyalarga har bir koʻp qavatli uy uchun kompensatsiya va kafillik beriladi.
Banklar beradigan kreditlarni davlat tomonidan qayta moliyalash amaliyoti davom ettiriladi.
Uchinchidan, uy-joylarning oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi va xaridorgirligida kommunikatsiya asosiy masala. Shu bois Iqtisodiyot va moliya vazirligiga infratuzilma uchun zarur mablagʻ ajratish, viloyat hokimlariga yangi massivlarda ichki yoʻllarni qurish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Eski uylar koʻp boʻlgan shaharlarda renovatsiya dasturiga talab ortayapti. Davlatimiz rahbari buning huquqiy poydevori boʻlishi kerakligini taʼkidlab, “Renovatsiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Yana bir masala – bugungi kunda koʻp joylardagi qurilishlar ularning infratuzilmasi quvvatiga mutanosib emas. Misol uchun, Toshkent shahrining aholisi har yili 100 mingga koʻpaymoqda, yiliga qoʻshimcha 20 ming xonadonga ehtiyoj bor. Shahar oqova suv tozalash inshootlari quvvatidan ancha ortiq yuklama bilan ishlayapti.
Shuning uchun endi suv, oqova, elektr, gaz, yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga investor-developerlar ham jalb qilinishi mumkinligi aytildi.
Toʻrtinchidan, bu yil 90 mingta uy-joy rejasi qurilish materiallari korxonalari uchun katta bozor. Lekin temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yoʻqligi qayd etildi.
Prezidentimiz bu mahsulotlar uylar sifatiga taʼsir qiluvchi asosiy omil ekanini taʼkidlab, barcha shunday korxonalarda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish talabini qoʻydi.
Soʻnggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois 1 maydan boshlab, qurilish moʻljallangan maydonda muhandislik-geologik ekspertiza oʻtkazish majburiy boʻlishi, seysmik xavfsizlik talablari yuqori boʻlgan bino-inshootlar faqat reytingi baland korxonalar tomonidan qurilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari shaharlarning drenaj tizimida yuzaga kelayotgan muammolarga ham toʻxtalib, buni hal etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
– Ipoteka – ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan muhim masala. Shuning uchun qurilish ishlarini jadallashtirib, xalqimizga uylarni sifatli qilib topshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.