Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
183
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, jumladan, kam taʼminlangan bolali oilalarni aniq yoʻnaltirilgan tarzda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning moddiy farovonlik darajasini oshirish, keksa avlod vakillari manfaatlarining himoya qilinishini taʼminlash, shuningdek, insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat tadbirlarini izchil davom ettirish maqsadida:

1. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam koʻrsatilsin:

a) yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila aʼzosiga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming soʻmdan;

Toshkent shahrida – 400 ming soʻmdan.

Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan boshqa organlar orqali pensiya oluvchilarga tegishli vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan shartlarda va miqdorlarda bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

b) “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam taʼminlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga toʻlmagan bolasiga – 200 ming soʻmdan.

Bir nechta toifa boʻyicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa boʻyicha toʻlab beriladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Markaziy bank va tijorat banklari mazkur qarorda belgilangan bir martalik moddiy yordam toʻlovlarining ikki hafta muddatda toʻliq toʻlanishini taʼminlasin.

3. Moliya vazirligi bir hafta muddatda mazkur qaror bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Pensiya jamgʻarmasiga hamda tegishli vazirlik va idoralarga ajratilishini taʼminlasin.

4. Ushbu qarorga muvofiq koʻrsatilayotgan bir martalik moddiy yordamning maqsadli va manzilli yetkazilishini taʼminlash yuzasidan quyidagilar masʼul etib belgilansin:

Pensiya jamgʻarmasi – bir martalik moddiy yordam uchun shakllantirilgan toʻlov qaydnomalari bir kunda Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va boshqa tijorat banklariga yetkazilishini taʼminlash boʻyicha;

Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki, boshqa pensiya va nafaqa tarqatuvchi tijorat banklari, Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan pensiya tayinlovchi vazirlik va idoralar – tegishliligi boʻyicha bir martalik moddiy yordam pullari egalariga oʻz vaqtida manzilli yetkazilishini tashkil etish boʻyicha;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari – bir martalik moddiy yordamning oʻz vaqtida manzilli tarqatilishini taʼminlash hamda nazorat qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni tashkil etish boʻyicha;

Moliya vazirligi – zarur mablagʻlarning byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda pensiya tayinlovchi tegishli vazirlik va idoralarga toʻliq va oʻz vaqtida ajratilishi boʻyicha.

Belgilansinki, uyida vaqtincha boʻlmaganligi yoki boshqa sabablarga koʻra bir martalik moddiy yordam pullarini oʻz vaqtida ololmagan fuqarolar toʻlanmagan moddiy yordam pullarini 2022 yil 1 sentyabrga qadar olish huquqiga ega.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari:

a) “Temir daftar”ga kiritilgan hamda mazkur qarorga asosan bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar roʻyxatini shakllantirsin hamda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ushbu oilalarning har bir aʼzosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatsin;

b) ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan oilalarga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi va boshqa manbalar hisobidan bepul un tarqatishni yoki naqd pul koʻrinishida moddiy yordam koʻrsatib borishni taʼminlasin.

Bunda, 2022 yil davomida mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahalla fuqarolar yigʻinlarida ehtiyojmand oilalarning ahvolini muntazam ravishda oʻrganib boradi.

6. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarning mahalliy byudjetlari orqali hududiy “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalariga ilovaga muvofiq mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

7. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu qaror maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.