Bugungi kunda yurtimizda transport vositalarining soni keskin ortib bormoqda. Transport vositalari sonining oʻsishi respublika, ayniqsa Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi, sogʻliqqa bogʻliq muammolarning koʻpayishiga, shuningdek, shaharlarda chang, zararli gazlar va tutun miqdorining ortishi bilan bogʻliq aholi murojaatlarining koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.
Xalqaro statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyo miqyosida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 59 foizi transport vositalari, 21 foizi sanoat korxonalari, 20 foizi elektr energiyasi ishlab chiqarish hissasiga toʻgʻri keladi. Ekologik muammolar jiddiy xavfga aylanib ulgurdi. Odamlar havoning kuchli ifloslanishi salomatlikka yomon taʼsir koʻrsatishidan havotirda.
AI-80 markali benzindan voz kechishimiz kerakligining asosiy sababi uning sifati xalqaro standartlarga javob bermasligidir. Bir qancha rivojlangan davlatlar ushbu benzin markasidan allaqachon voz kechgan. Ayniqsa AI-80 markadagi benzindan foydalanilganda atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va PM2.5 ifloslantiruvchi moddalari boshqa turdagi motor yoqilgʻilariga nisbatan koʻproq tashlanadi, atmosferada ifloslantiruvchi moddalar va ogʻir metallarning toʻplanib qolishiga olib keladi.
Xoʻsh, qanday chora koʻrish lozim?
2024 yilning 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy va kommunal xoʻjaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2025 yildan AI-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berilgan edi. Shuningdek, mazkur yigʻilishda Toshkent shahri jamoat transportini elektr va gazga oʻtkazish, metro vagonlari sonini oshirish choralari koʻrilishi, “yashil energetika”ni qoʻllab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsadida aholining elektromobillarga oʻtishini ragʻbatlantirish tizimi joriy qilinishi taʼkidlangan edi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida 2025 yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash taklif qilinmoqda.
Loyihada 2025 yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash ilgari surilgan. Shu bilan birga, respublikaning yirik shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida avtotransport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorining keskin oshishi hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida 2025 yil 1 martdan AI-80 markadagi benzin yoqilgʻisini bojxona rasmiylashtiruvlaridan oʻtkazish va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirishni qatʼiyan taqiqlash taklif qilinmoqda. Qolaversa, 2026 yil 1 yanvardan respublikada tashkiliy tuzilmasidan qatʼiy nazar AI-80 markadagi benzin yoqilgʻisini ishlab chiqarishni taqiqlash maqsad qilindi.
Qanday foyda beradi?
AI-80 markadagi benzin yoqilgʻisidan voz kechish natijasida transport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi keskin kamayib, nafaqat havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, balki aholi salomatligi mustahkamlanadi, atrof-muhit muhofazasi kuchayadi. Shuningdek, ekologik toza transport texnologiyalarining joriy etilishi iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishiga turtki boʻlib, yangi ish oʻrinlari yaratilishi va xalqaro ekologik standartlarga muvofiq qadam tashlash imkonini beradi. Bu, oʻz navbatida mamlakatning xalqaro maydonda ekologik nufuzini oshiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA