Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik Azizxon Poʻlatovich Qayumov 92 yoshida vafot etdi.
A.Qayumov 1926 yili Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida ziyoli oilasida tugʻildi. 1949 yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi.
Boʻlgʻusi olim oʻz mehnat faoliyatini 1949 yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim sifatida boshladi. 1954 yilda nomzodlik, 1962 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
A.Qayumov uzoq yillar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori, Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti boʻlim mudiri, Madaniyat vaziri, Davlat kinematografiya komiteti raisi, Toshkent davlat madaniyat instituti rektori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar instituti direktori kabi masʼuliyatli lavozimlarda samarali xizmat qildi. 1995-2000 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat olib bordi.
1998 yildan hayotining oxirgi kunlarigacha Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining yetakchi ilmiy xodimi vazifasida sidqidildan mehnat qildi.
XX asr oʻzbek adabiyotshunosligining ulugʻ namoyandasi Azizxon Qayumov yuksak intellektual salohiyat sohibi, atoqli olim, zahmatkash va tolmas tadqiqotchi sifatida Alisher Navoiy va mumtoz adabiyotimizning boshqa vakillari asarlarini puxta oʻrganib, bu ulkan adabiy merosni xalqimizga yetkazishda haqiqiy fidoyilik va maʼnaviy jasorat koʻrsatdi.
Ustoz adabiyotshunosning oʻzbek adabiyoti tarixini oʻrganish boʻyicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari, oʻn jildlik “Tanlangan asarlar” toʻplami, shuningdek, “Navoiyga taʼzim”, “Alisher Navoiy”, “Dilkusho takrorlar – ruhafzo ashʼorlar”, “Ahmad Fargʻoniy” kabi koʻplab sermazmun asarlari kitobxonlarning maʼnaviy mulkiga aylandi.
Yorqin isteʼdod va tafakkur egasi boʻlgan akademik olim oʻz faoliyati mobaynida koʻplab yoshlarga ustozlik qildi. Uning bevosita rahbarligida oʻnlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.
Azizxon Qayumov umrining oxiriga qadar yurtimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida faol ishtirok etdi. U oʻzining teran aql-zakovati, betakror isteʼdodi, mehnatsevarligi, bagʻrikenglik va mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlari bilan adabiyot va sanʼat muxlislari, yoshlar orasida, butun xalqimiz oʻrtasida katta hurmat-eʼtibor qozongan edi.
Akademik A.Qayumovning mamlakatimiz ilm-fani, adabiyot va sanʼatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Azizxon Qayumovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Manba: Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portali