Akademik Mahmud Calohiddinov

0
277
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Atoqli matematik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Mahmud Salohiddinov shu yil 27 aprelda 85 yoshida vafot etdi. 

M.Salohiddinov 1933 yil 23 noyabrda Namangan shahrida tugʻildi. 1958 yili Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning matematika fakultetini tugatib, shu dargohda aspiranturada tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1974 yilda ilm-fan sohasidagi koʻp yillik samarali xizmatlari uchun Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi. 

M.Salohiddinov oʻz mehnat faoliyatini 1959 yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. Ushbu maskanda katta ilmiy xodim, boʻlim mudiri, direktor oʻrinbosari va direktor lavozimlarida muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatdi. 

Katta ilmiy salohiyat va tashkilotchilik qobiliyatiga ega boʻlgan atoqli olim koʻp yillar davomida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti va prezidenti, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Fanlar akademiyasining Matematika instituti boʻlim mudiri kabi masʼul vazifalarda xalqimiz va Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi. 

Olimning zamonaviy oʻzbek matematika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan fundamental tadqiqotlari, ilmiy ishlanmalari, monografiya va maqolalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi oʻrtasida yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi. 

Tajribali olim mohir va talabchan murabbiy sifatida koʻplab yoshlarga ustozlik qildi. Uning rahbarligida oʻnlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi. 

M.Salohiddinov mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etdi. U bir necha bor respublikamiz parlamentiga aʼzo etib saylangan edi. 

Akademik M.Salohiddinovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi. 

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Mahmud Salohiddinovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 

Sh.Mirziyoyev, N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov,

A.Aripov, B.Yoʻldoshev, Sh.Ayupov

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.