Akmal SAIDOV: “Temur tuzuklari” – muhim tarixiy-huquqiy manba

0
683
marta koʻrilgan.

Mustaqillik yillarida “Temur tuzuklari” qayta-qayta nashr etilayotgani tahsinga loyiq. Turli manbalarda bu asar “Temur tuzuklari”, (“Tuzuki Temuriy”) “Temurning aytganlari” (“Malfuzoti Temuriy”) va “Temur haqida xotiralar” (“Voqioti Temuriy”) degan nomlar bilan ataladi.

Bugungi kunda “Temur tuzuklari”ning qoʻlyozma va toshbosma nusxalari dunyo boʻylab keng tarqalgan. Ushbu noyob asarni jahonning koʻpgina mamlakatlarida, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Rossiya, Finlyandiya, Daniya, Eron, Hindiston, Turkiya, Misr, Yaman kutubxonalaridan topsa boʻladi.

Tuzuk nima?

“Tuzuk” soʻzining lugʻaviy maʼnosi qonun-qoidalar toʻplami, nizom, degan maʼnolarni anglatadi. Boshqacha aytganda, Tuzuk – Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni, deganidir.

“Konstitutsiya” atamasi, “Imperator Konstitutsiyasi” deb atalgan qonun misolida, qadimgi Rimdayoq maʼlum boʻlgan. Oʻz navbatida, “Temur tuzuklari” Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlib, shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir oʻtkazgan.

Atoqli rus olimi D.Logofet “Temur tuzuklari”ni oʻrganib, unga Turkistonda Yevropadan 500 yillar oldin vujudga kelgan Konstitutsiyaviy kodeks, boshqacha aytganda, Amir Temur saltanatining Konstitutsiyasi, deb yuksak baho bergan. Binobarin, mustaqillikning dastlabki yillari – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining muhokamasi davrida Asosiy qonunimizni “Tuzuklar” deb atash tavsiya etilgani ham bejiz emas.

Azaldan maʼlumki, qaysi bir asar mazmun-mohiyatan gʻoyatda qimmatli, amalda juda zarur boʻlsa, oʻshandan koʻplab nusxalar koʻchirilgan va tarqatilgan. “Temur tuzuklari” asosan toju taxt sohiblari uchun muhim qoʻllanma hisoblangan. Shuning uchun ham hukmdorlarning aksariyati bu asardan nusxa koʻchirtirib, shaxsiy kutubxonasida asragan va davlat siyosiy faoliyatida muhim yoʻl-yoʻriq sifatida foydalangan.

Tarixga murojaat etadigan boʻlsak, buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning avlodi Shoh Jahon (1628-1657), Qoʻqon xoni Muhammad Alixon (1821-1842) va Buxoro amiri Abdulahadxon (1885-1910) mohir kotiblariga buyurib, “Temur tuzuklari”dan oʻzlari uchun nusxa koʻchirtirganlar.

Haqiqatan, har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi oʻy-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, baʼzan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sugʻorilgan bu asarda qanday teran maʼno mujassam ekanini maʼrifatli, zukko insonlar yaxshi anglashlari tayin.

Amir Temurning davlat boshqaruvi tizimi

Sohibqiron ajdodimiz, ilgarigi davrlardan farqli holda, jamiyatdagi barcha tabaqalarning haq-huquqlari va manfaatlarini inobatga olib, ularning hayoti uchun zarur ijtimoiy zaminni vujudga keltirgan. Har bir toifaning haq-huquklari, burch va majburiyatlari oʻziga xos qonun bilan kafolatlab qoʻyilgan.

Amir Temurning ulkan xizmatlaridan yana biri – davlat boshqaruvini tashkil qilish bilan bogʻliq. Hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijroiya tarmoqlariga boʻlinishiga asoslangan mazkur tizimni joriy etishda Amir Temur koʻr-koʻrona emas, balki oʻzi yashab turgan voqelikni nazarda tutgan holda ish yuritgan.

Taniqli tarixchi olim Azamat Ziyoning fikricha, bu tizimda saltanat darajasiga koʻtarilgan davlatning joʻgʻrofiy hududlari doirasida yashovchi xalqlarning turmush tarzi, anʼanalari, maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlari ham inobatga olingan. Davlat boshqaruvi tizimiga Amir Temur olib kirgan yangilikning mohiyati ham aslida shu bilan belgilanadi.

Amir Temur oliy davlat idorasi maqomida qurultoyni belgilagan. Bugungi tushunchadagi kongress, assambleya, majlis, syezd kabilarga toʻgʻri keladigan ushbu siyosiy institut boshqaruv mahkamasi va davlat ahamiyatiga molik boʻlgan eng asosiy masalalarni hal etib, unda saltanatdagi barcha yirik siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy soha namoyandalari ishtirok etgan.

Davlatni mustahkamlash, jamiyatni rivojlantirish borasida ijro etuvchi tizim vazirliklarning oʻrni muhim boʻlgan Amir Temur davrida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyib, ulardan jamiyat manfaati yoʻlida foydalanish uchun qatʼiy intizomga asoslangan, talabchan ijroiya mexanizmi zarur edi. Sohibqiron ana shunday tizimni yarata olgan.

Amir Temur saltanatining ijro etuvchi tizimidagi sakkiz vazirlik va yana bir necha muassasalar moliya, soliqlar, daromad va xarajatlar, mulkchilik, yetishtiriladigan hosil, chorva, yaylovlar ahvoli, obodonchilik, xabar va pochta, harbiy va adliya sohalarini boshqargan. Masalan, harbiy ishlar vazirligi harbiylarga maosh berish, ularga tegishli mulklarni boshqarish, qurol-aslaha taʼminoti, harbiy mashqlarni tashkil etish kabi vazifalar bilan bir qatorda, isteʼfoga chiqqan, urushda yarador boʻlib, mehnat qobiliyatini yoʻqotganlarga nafaqa belgilash kabi yumushlarni ham bajargan.

Sohibqironning 12 muhim tuzugi

Oʻz navbatida, “Temur tuzuklari” asari davlatni idora qilish usullari, qoʻshinni tashkil etish qoidalari, urushlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan turli harbiy uslublar singari qator siyosiy, huquqiy, harbiy va axloqiy gʻoyalar va meʼyorlarni oʻz ichiga olgan.

“Temur tuzuklari”ning markazida inson, uning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish turadi. Shu maʼnoda, Sohibqironning huquqiy qarashlarida, avvalo, mamlakat ishlari tuzuki alohida ahamiyatga egadir.

“Saltanat ishlarini qonun va qoidalar, toʻra va tuzukka solib, saltanatim martabayu eʼtiborini saqladim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da va saltanat obroʻ-martabasini saqlashga doir quyidagi toʻrtta asosiy tuzuk sanab oʻtiladi.

“Birinchidan, saltanatim qonun-qoidalarini islom dini va kishilarning eng xayrlisi (hazrati Muhammad)ning shariatiga bogʻlab, izzatu hurmatlash vojib boʻlgan onhazratning avlodi va sahobalariga muhabbat bildirish asosida tuzdim. Saltanatim martabasini toʻra va tuzuklar asosida shunday saqladimki, uning ishlariga aralashishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi.

Ikkinchidan, sipohu raiyatni umid va qoʻrquv orasida saqladim. Doʻst-dushmanni murosayu madora martabasida tutdim. Qilmishlarini, aytgan gaplarini sabr-toqat va chidam bilan oʻtkazdim. Doʻst-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelsa, doʻstlarga shunday muomala qildimki, doʻstligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda boʻldimki, ularning dushmanligi doʻstlikka aylandi…

Uchinchidan, hech kimdan oʻch olish payida boʻlmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Ish koʻrgan, sinalgan, shijoatli er-yigitlarni qoshimda tutdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, koʻngli buzuq qoʻrqoqlarni majlisimdan quvib yubordim.

Toʻrtinchidan, ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni oʻzimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda boʻlishga intildim”, deb qayd etiladi asarda.

“Temur tuzuklari” talablari doirasida Amir Temur oʻz saltanatini oʻn ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamlagani tarixdan yaxshi maʼlum. Bu haqda: “Saltanatim martabasi boʻlmish toʻra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu oʻn ikki toifaga bogʻlab tuzdim”, deydi Sohibqiron hazratlari.

“Temur tuzuklari”da davlat boshqaruvining har bir sohasi va har qaysi mansab darajasi boʻyicha muayyan tuzuklar bitilgan. Amir Temur 12 ta eng muhim tuzukni oʻziga shior qilib olgan va saltanatni tasarrufida saqlash uchun ularga qatʼiy amal qilgan. Binobarin, ulugʻ ajdodimiz eʼtirof etganidek, “Oʻz tajribamdan sinab bildimki, agar qay bir podshoh shu oʻn ikki narsaga ega boʻlmas ekan, saltanatdan bebahra qolur”.

Shunday qilib, 27 mamlakatdan tarkib topgan buyuk saltanat asoschisi Sohibqiron Amir Temur ibn Taragʻay yirik davlat arbobi, mohir diplomat, ulugʻ sarkarda, ilmu madaniyat homiysi, haq va adolatning jasoratli yalovbardori sifatida milliy davlatchilikda, huquq va siyosat sohasida oʻzidan unutilmas va barhayot taʼlimotlar, toʻra-tuzuklar qoldirgan.

“Temur tuzuklari” va Oʻzbekiston Konstitutsiyasi

Amir Temurning huquqiy qarashlari va qonunchilik tizimi butun Temuriylar saltanatida hayotning barcha jabhalarida oʻz aksini topib, ulkan amaliy ahamiyatga ega boʻlgan. Jumladan, Buyuk Ipak yoʻli xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilganki, bu bilan savdo-tijorat rivojiga katta hissa qoʻshgan Sharqu Gʻarb mamlakatlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasining uchinchi bandida ushbu Asosiy Qonun “oʻzbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib” qabul qilindi, deb taʼkidlangan. Albatta, oʻzbek davlatchiligi rivoji tarixiy tajribasining eng muhim qismi – Amir Temur va temuriylardan meros huquqiy, siyosiy va tarixiy manbalardan, ayniqsa, “Temur tuzuklari”, “Boburnoma”, “Jahongir tuzugi”, “Humoyunnoma”, “Zafarnoma” kabi koʻplab nodir asarlardan iboratdir.

Sohibqiron qoldirgan qonuniy meʼyorlar va huquqiy normalardan Konstitutsiyamizning turli qism va boblarida, jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi”, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti”, “Vazirlar Mahkamasi”, “Sud hokimiyati”, “Mudofaa va xavfsizlik” boblarining muayyan moddalarida, zamon talablarini nazarda tutgan holda, ijodiy foydalanilgan.

Qonunga asoslangan tizimning ahamiyatini chuqur anglagan Amir Temur haqli ravishda “Kuch – adolatda” degan oliy meʼyorni oʻziga shior qilib olgan va hatto ushbu hikmatni uzuk-muhriga oʻyib yozdirgan. Bu haqda Ibn Arabshoh shunday guvohlik beradi: “Temur tamgʻasining naqshi “Rosti rasti” boʻlib, bu “haqgoʻy boʻlsang, najot topasan” demakdir”. Sohibqironning bu purhikmat soʻzlari bugun ham qudratli demokratik huquqiy davlat qurish uchun asosiy yoʻllanma hisoblanadi.

Amir Temurning huquqiy qarashlari va amaliy faoliyati har doim adolat va insof meʼyorlari bilan hamohang boʻlgan. Ulugʻ Sohibqiron oʻz davlati hududlarida tuzuk-toʻra va shariat qoidalari ustuvorligini amalda taʼminlagan. Bu haqda, jumladan: “Sipohiylarimni hamisha jangga tayyor holda tutdim; oylik haqlarini soʻrattirmay vaqtida berardim. Chunonchi, Rum yurishida sipohiylarimga oʻtgan va kelajakda qiladigan xizmatlari uchun yetti yillik oziq-ovqatlarini birvarkayiga berdim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da.

Bundan tashqari, Sohibqiron saltanatida kasbu hunar va maʼrifat ahli muntazam ish bilan taʼminlangan. Sarmoyasi qoʻlidan ketib qolgan savdogarlarga oʻz sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilgan. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan boʻlsa, unga ekin-tekin uchun zarur urugʻlik va mehnat qurollari tayyorlab berilgan. Inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan bunday amaliy misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Amir Temur asos solgan buyuk davlat oʻzining turli bosqichlarida – ham Turon, ham Xuroson, ham Eron, ham Hindistonda adolat meʼyorlariga asoslangan tuzum sifatida olam ahlining diqqatini oʻziga tortib, hanuz tarixiy ahamiyatini yoʻqotmagan. Bugungi kunda Sohibqironning sud va qonunchilikka munosabati ham alohida oʻrnak vazifasini oʻtaydi. Zero, bundan olti asr burun Movarounnahr sud tizimida oʻziga xos tartib va qoidalar mavjud boʻlgan.

Yengilmas ajdodimizning harbiy-nazariy tafakkuri

Yana bir muhim jihat. Yangi turdagi muntazam armiyaning tashkil etilishi, siyosiy uyushuv, hayotning barcha jabhalari, ayniqsa, iqtisodiyotning gʻalaba qozonish yoʻlidagi strategik vazifaga boʻysundirilishi, mustahkam intizom, har bir jangchi tomonidan harbiy harakatlar olib borish qoidalariga rioya qilinishi, diplomatik vositalardan ustalik bilan foydalanish kabi omillar raqib ustidan zafaru gʻalabani taʼminlagan. Amir Temur oʻzining butun hukmronligi davrida biron marta ham magʻlubiyatga uchramagan.

Mashhur arab tarixchisi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur qoʻrqmas, shijoatli, botir kishilarni itoat qildiruvchan boʻlib, jasoratli (kishi)larni, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi”. Binobarin, Sohibqironning asosiy maqsadi alohida boʻlgan mulklarni mustahkam va qudratli davlatga birlashtirishdan iborat boʻlgan.

Qisqacha aytganda, Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi bilan harbiy ish sohasida ulkan oʻzgarishlar yuz bergan, ular Sharqu Gʻarb harbiy-nazariy tafakkuri taraqqiyotida katta rol oʻynagan.

Oʻzbekiston istiqlolga erishgach, Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylandi. Amir Temur nomi, uning siymosi xalqimizni birlashtirishda, jipslashtirishda, iymon-oqibatli boʻlishda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga yangi-yangi kuch-quvvat va shijoat bagʻishlab turibdi.

Zero, maʼnaviyatimizning eng teran oʻq tomirlaridan biri – ulugʻ zot Amir Temur siymosidir. Sohibqiron siymosi insoniyat tarixida bizgacha boʻlgan, bizdan keyin ham boʻladigan katta bir olamshumul voqelikdir.

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari,

Akademik

Manbaa: parliament.gov.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.