Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Siyovush tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu joy ilgari unumsiz, boʻsh turgan maydon edi. Tadbirkorlarga sharoit yaratish maqsadida hudud “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasiga kiritilib, zarur infratuzilma tortilgach, bu yerda sanoat vujudga keldi.
Xususan, “Siyovush tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 36 million dollarlik loyihasi oʻtgan oyda ishga tushdi. Unda yiliga 40 ming tonna akril ip-kalava yigirish quvvati va 600 ta ish oʻrni yaratildi.
— Bu Yangi Oʻzbekistondagi yangi yoʻnalish, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Yurtimizda toʻqimachilik sanoati rivojlanyapti. Agar korxonalar qoʻshilgan qiymat yaratib, daromadini oshiraman desa, qisman akril ishlatishiga toʻgʻri keladi. Undan tayyorlangan mahsulot qiymati 5 barobar oshadi. Bu — manfaatdorlik, barqarorlik, odamlarga ish oʻrni, degani. Shuning uchun davlat paxtani qayta ishlashga qancha koʻmakdosh boʻlgan boʻlsa, endi sunʼiy tola ishlab chiqarishga ham shunday yordam beradi.
Hozirgi korxona loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, ayni paytda xorijlik hamkorlar bilan korxona faoliyatini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda. Rejaga koʻra, keyingi bosqichda akril tola hamda undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish toʻliq mahalliylashtiriladi. Jami ish oʻrni soni 1 ming 200 taga yetadi.