Al-Xorazmiy maktabida yangi xorazmiylar kamolga yetadi

0
667
marta koʻrilgan.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizda kadrlar muammosi borligini aytgan edi. Koʻp oʻtmay, bu masalani tag zaminidan oʻrganish va hal etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida mislsiz islohotlar boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Avvalo, maktabgacha taʼlim tizimi rivojlantirilib, poydevor mustahkamlandi. Oʻquv dargohlariga, pedagoglarga eʼtibor kuchaydi. Oliy taʼlim sohasida ham katta oʻzgarishlar boʻldi. Bu tizimlarni 2030 yilgacha rivojlantirish boʻyicha konsepsiyalar ishlab chiqildi.

Bilimli bolalarni aniqlab, chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitish, talab yuqori boʻlgan sohalarga yoʻnaltirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab shunday taʼlim maskanlaridan yana biridir.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yili mazkur maktabni qurishga doir loyihalar bilan tanishgan edi. Yaqinda poytaxtimiz Toshkentda ushbu zamonaviy dargoh foydalanishga topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan mazkur bilim muassasasini kelib koʻrdi.

Maktabda keng sharoitlar, fan kabinetlaridan tashqari darslar hamda fakultativ mashgʻulotlarni innovatsion usullarda oʻtish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilgan. Artel, UCell, ZTE va Huawei kompaniyalarining maxsus sinflari ochilgan. 

Shavkat Mirziyoyev ushbu sinflar, ulardagi muhit, asbob-uskunalar bilan tanishdi, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi. 

– Hamma ishlarimiz, islohotlarimiz Oʻzbekistonning ertangi kuni uchun. Kelajagimiz zamini esa – siz, yoshlar. Koʻzlaringdan koʻrib turibman: sizlar bilimli, Vatanimizga munosib farzand boʻlib yetishmoqchisizlar. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratib beramiz, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga shu kabi ilgʻor binolar andozasi asosida maktablarning qurilish loyihalarini oʻzgartirish, metodologiyani mustahkamlash orqali taʼlim sifatini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

– Al-Xorazmiy bobomizga dunyo hozirgacha qoyil qoladi. Bugungi texnologiyalar, dasturiy mahsulotlarga u yaratgan algoritm asos boʻlgan. Siz bundan faxrlanishingiz, buyuk ajdodimizdek qunt bilan oʻqib, doim izlanishingiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari yoshlarga.

Maktabda oʻquvchilar zamonaviy mobil va kompyuter dasturlarini oʻrganishi, oʻz ustida ishlab, tajriba oshirishi uchun robototexnika va sanotexnika xonalari, innovatsion va virtual laboratoriyalar tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu bilim dargohida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi IT-park boʻlinmasini tashkil etish, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham shunday markazlar ochib, bu sohaga qiziqqan yoshlarga keng sharoitlar yaratish zarurligini taʼkidladi.

– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi bilgan bola koʻchada bekor yurmaydi, oʻzining ishi boʻladi. Yoshlarimizni shunday bilimli mutaxassislar etib tarbiyalasak, oilasiga, davlatga nafi tegadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda maktabning 5-11 sinflariga 680 nafar oʻquvchi matematika va chet tili sinovlari asosida qabul qilindi. Pedagogik jamoaga Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Hindistondan oʻqituvchilar jalb etilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.