Turkiya Prezidentining yurtimizga tashrifi yakunlanganidan soʻng, davlatimiz rahbari Xorazmda rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda katta koʻlamda qurilishlar boʻlmoqda. Andijon, Namangan, Nukus va boshqa shaharlarda yangi shaharchalar barpo etilmoqda.
Shu tajriba asosida, Prezidentimiz tashabbusi bilan Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun aeroport yaqinidan 110 gektar yer ajratilgan.
Joriy yil 7 fevral kuni oʻtkazilgan taqdimotda shaharchaning umumiy konsepsiyasi tasdiqlangan edi. Bu gal undagi har bir inshootning ichki mazmuni muhokama qilindi.
Loyihaga koʻra, bu yerda universitet, IT park, uylar, maktab va bogʻcha, madaniyat va sport majmualari barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy sayilgohi boʻlib, buyuk allomaning yangi haykali oʻrnatiladi.
Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini boshqarish boʻyicha komissiya tuzishga koʻrsatma berdi.
— Bu yer shahar ichidagi shahar boʻladi. Universitet, innovatsion markaz va maktablar ilm va taʼlim klasterini tashkil etadi. Bu yerda ishlovchilar uchun uy-joylar, ilmga asoslangan sanoat zonasi ham boʻladi. Bu shaharchani shunga munosib qilib, sifatli qurish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Urganchdagi Sanʼat muzeyi binosini rekonstruksiya qilib, koʻrgazma maydonini kengaytirish, Xivadagi Qoʻgʻirchoq teatrini zamonaviy binoga koʻchirish ham moʻljallangan. Prezidentimiz yangi binolardan samarali foydalanish, ularda qoʻshimcha xizmatlarni yoʻlga qoʻyib, daromad topishiga sharoit yaratish muhimligini taʼkidladi.
Kommunal sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tuzilmasini takomillashtirib, quyi tizimda samarali ishlatish vazifasi qoʻyildi.