Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlandi

0
129
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi poydevoriga kapsula qoʻydi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Davlatimiz rahbari bu loyiha bilan joriy yil martda viloyatga safari chogʻida tanishgan, uni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi. Shular asosida “pishitilgan” loyiha ijobati bugungi xayrli kunlarda – mustaqillik bayramimiz arafasida boshlandi.

Marosimda xorazmlik yoshullilar, ayollar, yoshlar ishtirok etdi. Prezidentimiz ular bilan muloqot qildi.

– Bugungi zamonaviy ilm-fanning, elektron kashfiyotlarning tub zamini Al-Xorazmiy bobomizning mislsiz ilmiy merosi bilan bogʻliq. Biz bu bilan nafaqat faxrlanashimiz, balki unga munosib boʻlishimiz kerak. Shuning uchun Urganch shahrida buyuk olim nomi bilan ataladigan alohida shaharcha barpo etishga qaror qildik, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu majmua Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod qilinadi. Samolyotdan tushgan har qanday odamning koʻz oʻngida avvalo mana shu goʻzal maskan namoyon boʻladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali oʻrnatiladi.

Asosiysi, bu yerda Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet barpo etiladi. Uning qoshida isteʼdodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab quriladi. Ularda oʻqigan yoshlar shaharchada bunyod etiladigan ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlarida faoliyat koʻrsatib, buyuk ajdodimizning anʼanalarini davom ettiradi.

Shuningdek, bu yerda texnopark va ofislar, tibbiyot, innovatsiya va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bogʻchalar, sport majmualari, avtoturargoh, savdo va maishiy binolar boʻladi. 5 mingta xonadonli 104 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etiladi. Inshootlar “aqlli texnologiyalar” asosida jihozlanadi.

Davlatimiz rahbari majmua bunyodkorlarini Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu masʼuliyatli va sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan soʻng Prezidentimiz Xorazmga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.