Aleksandr Lukashenko: Mamlakatlarimiz hududlarini chambarchas bogʻlash borasidagi tashabbusingiz ushbu tashrifning oʻziga xos jihatidir

0
104
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 avgust kuni ertalab Minsk shahridagi Mustaqillik saroyiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Bu yerda oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko tor doirada muzokara oʻtkazdi. 

Belarus Prezidenti Oʻzbekiston rahbarini mazkur tashrif bilan qutlab, ushbu voqea muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

– Oxirgi ikki yilda Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni butunlay oʻzgartirib yubordik, mohiyatan, ularni yangidan yoʻlga qoʻydik. Shu vaqt ichida amalga oshirgan ishlarimiz oʻtgan 25 yil davomida qilinganidan ham ortiq boʻldi. Davlatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hozirgi kun talablariga javob bermaydi, uni izchil oshirib borish lozim. Sizning hududlarni hamkorlik bilan oʻzaro bogʻlash borasidagi tashabbusingiz – ushbu tashrifning oʻziga xos jihati. Hududlar rahbarlarining oʻzaro tashriflari boʻlib oʻtdi, koʻrgazmalar va madaniyat kunlari tashkil etildi. Bularning barchasi Belarusga tashrifingiz ahamiyatini yanada oshiradi. Eng asosiysi, mahalliy maʼmuriyatlar boshliqlari hamkorlikka doir koʻplab shartnomalar imzoladi. Bizning ishimiz – yoʻlni ochib berish, va biz buning uddasidan chiqdik, – dedi Aleksandr Lukashenko.

Shavkat Mirziyoyev, oʻz navbatida, taklif va koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Belarus bilan sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratishini qayd etdi. 

– Sizning Oʻzbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifingizdan, muzokaralarimizdan soʻng mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik barcha sohalarda yangi va aniq mazmun bilan boyidi, va bu oʻz mevalarini bermoqda. Davlatlarimiz hududlari oʻrtasida sermahsul aloqalar yoʻlga qoʻyilgani bunga yorqin misoldir. Biz oʻzaro almashinuvlar uchun yaxshi poydevor yaratdik. Barcha darajalarda hamkorlik qilishga istak bor. Bugun biz erishilgan natijalarni tahlil qilishimiz, shuningdek, istiqbolda muvaffaqiyatli hamkorlik qilish mumkin boʻlgan oʻsish nuqtalarini birgalikda belgilab olishimiz muhim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston va Belarus munosabatlari keyingi yillarda ancha jonlandi. Davlat rahbarlarining muntazam muloqoti bunga muhim asos boʻldi. Toshkentda va turli xalqaro sammitlar doirasida oʻtkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olingan edi.

Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalar tarixida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga ilk rasmiy tashrifi ekani alohida taʼkidlandi. 

Muzokaralarda oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Davlat rahbarlari uchinchi mamlakatlar bozorlarini oʻzlashtirish maqsadida kooperatsiyani kuchaytirish lozimligiga alohida eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, belaruslik sheriklar tajribasini hisobga olgan holda Oʻzbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamkorligidagi istiqbollar koʻrib chiqildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.