Avval xabar qilinganidek, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turibdi.
Mazkur tashrif tafsilotlarini yoritib borayotgan Belarus Telegraf agentligi – “BelTA”ning xabar berishicha, ikki mamlakat rahbarlarining tor doiradagi muzokarasida Aleksandr Lukashenko Oʻzbekiston iqtisodiyoti va davlatlararo munosabatlari taraqqiy etayotganidan belaruslar mamnun ekanini aytib oʻtgan.
Shuningdek, u yurtimizda istiqomat qilayotgan belarus diasporasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik izhor qilgan.
“Men bu yerga Sizning Belarus davlati va belaruslarga munosabatingiz uchun minnatdorlik bildirgani keldim. Biz, avvalo, mehnatsevarligimiz bilan bir-biriga juda oʻxshash xalqmiz. Agar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni oʻzbeklar kabi savdo qilishni bilganimizda, hozirgidan ikki karra boyroq boʻlardik. Oʻylaymanki, sizlar bizga oʻz tajribangizni oʻrgatasiz”, degan Belarus rahbari.
Manba: OʻzA