“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga

0
52
marta koʻrilgan.

Hurmatli simpozium qatnashchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Qadimiy Oʻzbekiston zaminida, goʻzal Zarafshon vohasida Sharq Uygʻonish davrining yorqin namoyandasi, buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan navqiron shaharda ilk bor  oʻtkazilayotgan ushbu forumning nufuzi dunyo miqyosida tobora ortib bormoqda. Bu galgi anjumanda Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qitʼalari mamlakatlaridan koʻplab taniqli olim va tadqiqotchilar ishtirok etayotgani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.  

Mazkur anjuman Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilingan joriy yilda, ulugʻ ajdodimizning 584 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan kunlarda oʻtayotgani uning fayzi va shukuhini yanada oshirmoqda.

Qadrli doʻstlar!

Jahon adabiyoti va tafakkuri tarixida oʻchmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-maʼrifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida yuksak insonparvarlik, Vatanga sadoqat, adolat va ezgulik timsoli sifatida hamisha jahon ahlining eʼtiborini tortib kelmoqda.

Hazrat Mir Alisher Navoiy oʻta murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy gʻoyalarni  baland koʻtarib maydonga chiqqani, oʻzbek adabiy tiliga asos solib, uning oʻlmas ruhi, qudrati va latofatini har tomonlama isbotlab bergani chinakam maʼnaviy jasorat namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Bu mumtoz siymo jahon adabiyoti mezonlariga, zamon va tarix sinovlariga toʻla javob beradigan durdona asarlar yaratib, nafaqat oʻzbek, balki barcha turkiy adabiyotlar rivojiga beqiyos hissa qoʻshgani ham yuksak hayrat va tahsinga munosibdir.

Alisher Navoiyning bebaho ijodiy merosi haqli ravishda jahon adabiyoti daholarining buyuk asarlari bilan bir qatorda turishi bizga cheksiz gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Ayniqsa, mutafakkir ajdodimizning turli xalqlar oʻrtasida tinchlik va doʻstlikni mustahkamlash, bashariyatning yorugʻ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan gʻoya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda.

Bugungi kunda biz Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini oʻzimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob maʼnaviy boylikni chuqur oʻrganish va targʻib etish doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Fursatdan foydalanib, shu borada yurtimiz olimlari bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan siz, azizlarga, barcha ilm-fan namoyandalariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Ushbu anjumanga puxta tayyorgarlik koʻrgan, Alisher Navoiyning tavallud ayyomini katta shodu xurramlik va bunyodkorlik ishlari bilan kutib olayotgan Navoiy shahri va viloyati ahliga, mutasaddi rahbarlarga ham samimiy tashakkur izhor etaman.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sogʻliq, ilmiy va ijodiy faoliyatingizda ulkan yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.