Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov «Oʻzbekiston 24» telekanalidagi chiqishida oʻzining kasalligini bila turib oʻnlab kishilarga virus yuqtirayotganlarni tanqid qilib, «aslida, bu — jinoyat» deya baholadi.
Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilgan choralar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganini ham taʼkidladi:
— Oʻzbekiston dunyodagi tavsiyalarni birinchilardan boʻlib bajargan va mamlakat nuqtai nazaridan barcha tavsiyalarga rioya etgan mamlakatlar qatorida eʼtirof etildi. Yaʼni biz kerakli tavsiyalarni, ayrim holatlarda ortigʻi bilan choralarni koʻrdik. Buyogʻi xalqimiz, uning madaniyati, sabr-toqati, aytilayotgan gigiyena qoidalari va cheklov choralariga amal qilishiga bogʻliq boʻlyapti.
Sogʻliqni saqlash vaziri aholi harakatlanishining cheklanmasligi kasallik juda tez tarqalishi va mamlakatning iqtisodiyoti, sogʻliqni saqlash tizimiga oʻz taʼsirini koʻrsatib, uni shok holatiga keltirishi va yordam berish imkoniyatini yoʻq qilayotgani, bu kabi holatlar Yevropaning qator mamlakatlarida kuzatilayotganini qayd etib oʻtdi.
Vazir shu kungacha aniqlangan bemorlar orasida talablar va tavsiyalarga quloq solmaganlar borligini afsus bilan taʼkidladi va oʻzining koronavirus bilan zararlanganini bila turib vaqtida murojaat qilmagan shaxslar nazoratdagi bemorlarga qaraganda koʻproq odamga virus yuqtirganini maʼlum qildi: — Hozirgacha aniqlangan bemorlar orasidan talab va tavsiyalarga amal qilmayotganlari juda koʻp. Masalan, 15 mart kuni koronavirus aniqlangan bemor butun oilasiga va ish joyidagi jami 15 nafar kishiga virus yuqtirgan.
27 mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirus yuqtirgan. Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda boʻlganlardan 3 kishiga kasallik oʻtgan. Bir kishidan jami 46 nafar odamga koronavirus tarqalgan. Afsuski, bu bemorimiz kasallik belgilari koʻrina boshlaganda ham shifokorlarga xabar bermagan.
Toshkent shahridagi bemorimiz turmush oʻrtogʻi bilan Turkiyaga borib kelgan. U oila aʼzolari boʻlgan 8 kishiga kasallik yuqtirgan. Ularning barchasini hozir davolayapmiz.
Toshkent viloyatidagi yana bir bemorimiz esa 26 martda kasallik boshlanganiga qaramay 5 kun davomida uyida yotgan. U faqat 30 mart kuni shifokorlarga murojaat qilgan va uni davolashga oldik. Ayni vaqtda uni sunʼiy nafas beruvchi (IVL) apparatiga ulab qoʻyishga majbur boʻlganmiz.
Toshkent viloyatidan boshqa bir bemorimiz esa yoʻtalish, tana harorati koʻtarilishi va nafas siqishiga qaramay toʻrtta tashkilotga borgan. Biz majbur boʻldik oʻsha tashkilotlarning barchasini yopishga. Bu bemor 52 kishiga kasallikni yuqtirgan.
Yana bir bemor uchta tashkilotda ishlayotgan boʻlib, u oʻzida kasallikni sezib turib ishlashda davom etgan va 46 nafar kishiga virus yuqtirgan.
U sababli 100dan ortiq insonlarni kuzatuvga olishga majbur boʻldik. Kasallik boshlanganini bilgani holda shuncha odam bilan muloqotda boʻlgani jinoyatdir. Bila turib shuncha odamga kasalni yuqtirish oilasiga, kasbdoshlariga, elimiz odamlariga, yurtga xiyonatdir.
Vazir koronavirus tarqalishining oldini olishda intizomga rioya etilishi muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi:
— Qachonki intizom boʻlsa, barcha tartib-qoidaga boʻysunib, ikki hafta uyimizda oʻtirsak, hammasi oʻtib ketadi. Shunda birinchi navbatda oila aʼzolarimizni saqlab qolgan boʻlamiz.
U karantin qoidalariga oilada ham rioya etish kerakligi, yaqinlar bilan quchoqlashib koʻrishmaslik, ular bilan muloqotda masofani saqlash kerakligiga alohida daʼvat etdi.