Toshkentdagi 129-maktabda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi, Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligi hamda Alisher Usmonovning «Sanʼat, fan va sport» xayriya jamgʻarmasi hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida rus tili va umumiy fanlarni rus tilida oʻqitish sifatini oshirishga qaratilgan memorandumni imzoladi.
Memorandum Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev va Rossiya Federatsiyasi maorif vazirining birinchi oʻrinbosari Dmitriy Glushko tomonidan imzolandi.
Usmon Sharifxoʻjayevning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda rus tilini oʻqitish sifatini oshirish dasturi nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi gumanitar hamkorlikni kengaytiradi, balki Oʻzbekiston taʼlim muassasalarida rus tilida yuqori saviyada taʼlim olish uchun qulay sharoit yaratadi.
A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamda Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti Dastur operatori boʻlib, ular yordamida Rossiyaning malakali mutaxassislari (oʻqituvchilar va metodistlar) Oʻzbekistonning oʻzbek tilida dars oʻtiladigan maktablarda rus tili oʻqituvchilarining malaka oshirishlariga yordam beradi.
2021 yilda 100 nafar rossiyalik mutaxassis mamlakatimizga kelishi rejalashtirilgan. Oʻzbekistonga yoʻnaltirilgan mutaxassislar soni har yili 100 nafarga koʻpayadi. Dasturning barcha bosqichlari 30 mingga yaqin oʻzbekistonlik oʻqituvchilarni qamrab oladi.
Memorandumni imzolash chogʻida Rossiyaning Sanʼat, fan va sport jamgʻarmasi asoschisi Alisher Usmonov marosim ishtirokchilariga video murojaat yoʻlladi: “Rossiya va Oʻzbekiston bir-biri bilan umumiy tarix va madaniy meros bilan chambarchas bogʻliqdir. Men oʻzim rus tilidagi maktabni tugatganman, shuning uchun vatanimda rus tilini oʻqitish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati, Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligining bunday uzoq muddatli va strategik tashabbusini qoʻllab-quvvatlayotganimdan juda mamnunman.