Amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi

0
143
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining AXBOROTIga koʻra Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi.

Shu bilan birga 2020 yil 1 iyundan boshlab quyidagi faoliyat turlariga ham ruxsat berilmoqda:

a) “qizil” hududlarda:

  • rieltorlik faoliyati;
  • reklama va marketing faoliyati;

b) “sariq” hududlarda “qizil” hududlarga qoʻshimcha ravishda:

  • avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar faoliyati (bunda, nazariy mashgʻulotlar masofadan turib (onlayn) oʻqitish orqali amalga oshirilishi, amaliy mashgʻulotlar esa sanitariya talablariga qatʼiy rioya qilgan, shu jumladan, tibbiy niqob, tibbiy qoʻlqopdan foydalangan hamda avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilgan holda tashkil qilinishi lozim);
  • davlat tashkilotlarida autsorsing asosida ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyati;

v) “yashil” hududlarda “sariq” hududlarga qoʻshimcha ravishda:

  • sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyati (xostellar bundan mustasno);
  • sport seksiyalari, toʻgaraklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyati;
  • oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni oʻtkazish.

Bunda oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining oʻzida 30 kishidan koʻp boʻlmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazishga ruxsat beriladi.

Oʻz navbatida karantin davrida oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishning belgilangan talablarini buzgan shaxslar epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, “yashil” hududlarda joylashgan sanatoriy, pansionat, bolalar oromgohlari va boshqa dam olish maskanlariga fuqarolarni markazlashtirilgan tartibda tashish uchun viloyatlararo avtobuslar, shu jumladan turistik tashkilotlar avtobuslari qatnovini yoʻlga qoʻyishga ruxsat berildi. Bunda:

  • avtobuslarda haydovchi va yoʻlovchilar tibbiy niqob, tibbiy qoʻlqopda boʻlishi lozimligi, shuningdek, ularning tana harorati pirometrlarda oʻlchanib, 37 °S va undan yuqori boʻlgan holatda ularning avtobus saloniga chiqarilmasligi;
  • avtobuslar viloyatlaro qatnovlarda “qizil” hududlarda toʻxtamagan holda harakatlanadi;
  • avtobuslar doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin toʻliq dezinfeksiyadan oʻtkaziladi;
  • avtobuslarda harakatlanayotgan yoʻlovchilarning reyslar kesimidagi roʻyxati (bazasi) yuritiladi.

Shu bilan birga futbol boʻyicha xalqaro va ichki musobaqalarga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrish hamda ularda qatnashish maqsadida professional futbol klublariga oʻz oʻquv mashgʻulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda boshlashga hamda 2020 yil 5 iyundan boshlab Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlarini tomoshabinlar ishtirokisiz davom ettirishga ruxsat berildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda barcha hududlarda ularning toifasidan qatʼi nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinishi belgilandi:

  • jamoat joylarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yigʻilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;
  • taʼlim tashkilotlari (bogʻcha, maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar), oʻquv kurslari faoliyatini yoʻlga qoʻymaslik;
  • koʻngilochar obyektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter oʻyinlari markazlari faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik;
  • konsert, teatr, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari oʻquv mashgʻulotlari va Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) oʻtkazmaslik;
  • jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
  • buyum bozorlari faoliyatiga ruxsat bermaslik;
  • dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik doʻkonlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37 °S va undan yuqori boʻlgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini koʻrish;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan taʼminlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini taʼminlash;
  • qurilish-taʼmirlash ishlarida obyektlarning hududi toʻliq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda obyektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilish, oʻz faoliyatini faqatgina tegishli obyekt hududi doirasida tashkil etish.

“Qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek, “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini oʻrnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

Quyidagilar joriy yilning 1 sentyabriga qadar uzaytirildi:

a) xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga berilgan viza muddatlari;

b) muayyan muddatga vizasiz va elektron viza bilan kirish huquqiga ega xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish muddati;

v) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilib, 2020 yil hisobidan qaytarib olib chiqish muddati tugaydigan xorijiy avtotransport vositalarini respublikamiz hududidan qaytarib olib chiqish muddati.

Shaxsiy avtotransport vositalarining viloyatlararo harakatlanishiga yoʻl qoʻyilmasligi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno) talabi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish belgilandi.

Dehqon bozorlari va aholi gavjum boʻladigan hududlarda karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladigan koʻngilli guruhlar tuzish topshirildi.

Shuningdek, Mamlakatda karantin va undan keyingi davrda fuqarolarning respublika boʻylab sayohat qilishlari yuzasidan vaqtinchalik tartib hamda Karantin davrida sanatoriylar va bolalar yozgi oromgohlarining faoliyatini tashkil etish boʻyicha vaqtinchalik talablar tasdiqlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.