Amaliy ishlar va galdagi vazifalar koʻrib chiqildi

0
127
marta koʻrilgan.

1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida sogʻliqni saqlash sohasidagi vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi rejalar koʻrib chiqildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, shu yil 18 mart kuni davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot oʻtkazgan edi. Unda aytilgan muammo va takliflar asosida, zamonaviy davolash amaliyotlarini tatbiq qilish, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, soha xodimlarining oylik maoshlarini oshirish kabi koʻplab vazifalar belgilangan edi.

Yil boshidan buyon joylarda 85 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar ochilishi natijasida 700 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmatlar yaqinlashdi. Hududlarda xirurgiya yoʻnalishida qoʻshimcha 27 turdagi, endokrinologiyada 7, kardiologiyada 14 turdagi yuqori texnologik amaliyotlar joriy qilindi.

Oʻtgan oylarda Davlat sugʻurta jamgʻarmasidan 25 ming nafardan ziyod ehtiyojmand aholiga tibbiy yordam koʻrsatildi. Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Fargʻonada 87 ming aholi manzilli tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Bugundan tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 30 foizgacha oshirildi.

Yigʻilishda shu kabi amaliy ishlar bilan birga galdagi vazifalar ham muhokama qilindi.

– Inson qadri tamoyilini inobatga olib, oxirgi yillarda tibbiyot sohasida ham koʻp farmon va qarorlar qabul qildik, – dedi davlatimiz rahbari. – Global sinovlarga qaramasdan, tibbiyot xodimlarining oyliklarini koʻtarish choralarini koʻrdik. Hamma joyda, eng chekka qishloqda ham tizim namoyon boʻlishi kerak. Har bir fuqaroning sogʻligi nazoratda boʻlishi kerak.

Yigʻilishda mutasaddilar sohada boshqaruv va moddiy sharoitlarni yaxshilash, davolash protokollarini oʻzgartirish, tibbiy sugʻurta tizimini kengaytirish, tibbiy taʼlimni rivojlantirish yoʻnalishlari boʻyicha axborot berdi.

Avvalo, birlamchi boʻgʻinga eʼtibor qaratilib, joriy yil yakunigacha yana 51 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalarni ishga tushirish, mingta mahallada tibbiy punktlar tashkil qilish, aholini manzilli skriningdan oʻtkazish vazifalari belgilandi. Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi koʻrib chiqildi.  

Hududiy shifoxonalarda yuqori texnologik amaliyotlar turini 250 taga yetkazish, buning uchun ulardagi tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, yangi imtiyozli davolash tizimini toʻliq joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Prezidentimiz sohani raqamlashtirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Avval berilgan topshiriqqa koʻra, tibbiyot muassasalarining bu boradagi infratuzilmasi yangilanmoqda. Hududlardagi shifoxonalar kompyuterlar bilan taʼminlanib, lokal tarmoqqa ulanmoqda. Xalqaro standartlar asosida yagona klassifikator, reestr va maʼlumot almashinuvi dasturi ishlab chiqilmoqda.

Yigʻilishda sogʻliqni saqlashning barcha boʻgʻinlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirib, oʻzaro bogʻlash, muassasalarni zamonaviy jihozlash, pullik xizmatlar hajmi va turlarini koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Shu yil 25 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, 191 ta tuman va shahar markaziy shifoxonalarida bolalar reanimatsiya boʻlimlari, 208 ta koʻp tarmoqli poliklinika hamda Toshkent shahridagi 71 ta oilaviy poliklinikada bolalar boʻlimlari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari bunday boʻlimlarni qolgan tumanlarda ham ochish, shu bilan birga, Akusherlik va ginekologiya, Aholi reproduktiv salomatligi hamda Skrining markazlari faoliyatini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

Sanitariya-epidemiologiya tizimini transformatsiya qilish, sanitariya qoidalari va standartlarini yangilash, yuqumli kasalliklarning oldini olish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.

Sogʻliqni saqlash vazirining har bir oʻrinbosariga oʻzlari masʼul boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.