Kecha Toshkent shahrida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Navroʻz” Xalqaro marafonining IV poygasi va Shanxay hamkorlik yarim marafoni oʻtkazildi.
Mazkur sport bayrami Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Bu yilgi musobaqa milliy qadriyatlarimizga hamohanglikda bahoriy kayfiyat va oʻyin-kulgular ruhida oʻtkazilishi bilan avvalgi marafonlardan ajralib turdi. Shuningdek, ShHT xalqaro yarim marafoni darajasidagi nufuzli musobaqa yurtimizda ilk bor tashkil etildi. Ushbu marafon AIMS xalqaro tuzilmasining «A» tasnifidagi sertifikatsiyasiga ega. Bu ShHT yarim marafonida qatnashadigan professional sportchilarning ishtiroki, marafon trassasi, uning oʻtish jarayoni va natijalari xalqaro ekspertlar tomonidan baholab borilishini anglatadi. Mazkur nufuzli musobaqani Xalqaro yengil atletika federatsiyasi hamda AIMSning texnik ekspertlari Ilya Mixaylovskiy va Adrianus Stevenslar baholab borishdi.
Marafon bahslarida turli yoʻnalishlarda qatnashish uchun jami 2 200 nafardan ziyod kishi roʻyxatda oʻtgan edi. Marafon kunida esa ular safi yanada kengaydi. Roʻyxatdan oʻtolmagan, ammo yugurishga ishtiyoqmand koʻplab insonlar ham marafonga qoʻshildi va umumiy hisobda ushbu xalqaro marafonda 2 yarim ming nafardan ziyod insonlar qatnashdi.
Toʻrtinchi bor oʻtkazilgan ushbu marafon nafaqat hamshaharlarimiz, balki xalqaro mutaxassislarning ham eʼtirofiga sazovor boʻldi. Buni marosimning ochilish qismida soʻzga chiqqan Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qasimov alohida taʼkidlashdi. Mutasaddilar oʻz soʻzlari davomida mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan hamyurtlarimiz orasida ommaviy sportni targʻib qilish borasida olib borilayotgan oʻzgarishlar, yugurishning inson salomatligiga ijobiy taʼsiri haqida alohida toʻxtalishdi.
Bu yilgi marafonga Osiyo Olimpiya kengashi vitseprezidenti Otabek Umarov faxriy mehmon sifatida tashrif buyurdi. Shuningdek, tadbirda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov, Azizjon Kamilov, Shezrod Tashmatov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi rahbariyati, yuzlab sportsevar hamyurtlarimiz ishtirok etishdi. Musobaqada Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Pokistondan kelgan sportchilar hamyurtlarimiz bilan raqobat olib borishdi. Poyganing start va finish nuqtasi doimgidek “Humo arena” muz saroyi oldidagi Beshyogʻoch maydoni etib belgilandi.
Reglamentga koʻra, musobaqa doirasida 3 km, 10 km, 21 km, klassik marafon va ekiden (estafeta) poygalari oʻtkazildi. Bu yilgi marafon gʻolib va sovrindorlariga mos ravishda 30-20-10 million soʻmdan mukofot ajratilgan. Shuningdek, boshqa yoʻnalishlardagi sovrindorlar ham belgilangan miqdordagi mukofotlarga sazovor boʻlishdi.
Taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, UFC jangchisi Mahmud Murodov, Tokio-2020 Olimpiadasi chempionlari Bahodir Jalolov hamda Ulugʻbek Rashitov ham ishtirok etib, sovrindorlarga esdalik sovgʻalari va pul mukofotlarini topshirishdi.
J. SAʼDULLAYEV tayyorladi.