Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu shifoxona 1975 yilda qurib bitkazilgan. Keyinchalik joriy taʼmirlash ishlari bajarilgan. Klinikaga yiliga oʻrtacha toʻqson mingdan ortiq murojaat boʻladi. Oʻttiz mingdan ziyod bemor statsionar tarzda davolanadi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari amaliy mashgʻulotlarini shu yerda oʻtkazishadi.
Lekin shifoxonada buning uchun sharoitlar yetarli emas. Binolar eskirib, taʼmirtalab boʻlib qolgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ahvolni koʻzdan kechirdi. Klinikani toʻliq rekonstruksiya qilib, uning negizida vodiy aholisi uchun kardiologiya, neyroxirurgiya, koʻz kasalliklari va urologiya boʻyicha murakkab operatsiyalar oʻtkazadigan tibbiyot markazi tashkil etishga koʻrsatma berdi.
Prezident shifokorlar bilan suhbatlashdi.
– Inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlash uchun, eng avvalo, odamlarning salomatligi va yashash sharoitini yaxshilashimiz kerak. Bu institut va klinika shu borada katta markazlardan biri boʻla oladi. Buning uchun zarur sharoitlarni yaratamiz. Faqat taʼlim metodikasini yangilash, dunyo tibbiyotida qoʻllanilayotgan ilgʻor uslublarni tatbiq etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda Andijon viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi. Mutasaddilariga aholisi koʻp Shahrixon tumani misolida tibbiy koʻrik oʻtkazib, kasallik turlari boʻyicha davolashning yangi uslublarini amaliyotga joriy qilish vazifasi qoʻyildi.