Aholi zich joylashgan Andijon viloyatida uy-joy masalasi dolzarb. Shu bois Prezidentimiz viloyatga avvalgi tashrifi chogʻida Andijon tumanidagi adirliklarda yangi shahar qurish tashabbusini ilgari surgan edi.
Shundan soʻng, turkiyalik mutaxassislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilib, shu yil 12 aprel kuni taqdimot qilingan edi. Davlatimiz rahbari uy-joylarni puxta loyihalashtirish, hududda koʻproq bogʻ va xiyobonlar tashkil etish boʻyicha topshiriqlar bergandi.
17 iyun kuni ushbu yangi shahar qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻldi. Unda nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qurilishni xalqimiz bunyodkorligini namoyon etadigan tarixiy voqea deb atadi.
— Andijondagi uy-joy muammosini hal qilish uchun ikki-uch yildan beri oʻzimni qiynayman. Chunki yer kam, uylarga talab yillar davomida toʻplanib qolgan edi. Bir xonadonda bir nechta kelin qaynonasi bilan yashayotgan oilalar koʻp. Shuning uchun uzoqni oʻylab, yangi shahar qurishga kirishdik. Bu yerda 130 mingdan ortiq xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etiladi, 450 mingdan ziyod aholi yashaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umumiy maydoni 4 ming gektar boʻlgan yangi shaharning 2 ming gektar qismida uy-joylar, ijtimoiy obyektlar, sanoat zonalari, xizmat va servis obyektlari quriladi. Prezidentimizning koʻrsatmasiga muvofiq, yana qariyb shuncha maydonda yashil hudud barpo etiladi.
Yangi shahar loyihasi 8 ta bosqichda amalga oshiriladi. Uning kommunikatsiya tarmoqlarini boshlash uchun joriy yilda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar ajratiladi. Bunda 33 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi, 52 kilometr avtomobil yoʻli, 18 kilometr elektr va 27 kilometr gaz tarmoqlari quriladi.
Birinchi bosqichda 3 ming 310 ta kvartirali 170 ta koʻp qavatli uy-joy, 1 ming 680 oʻrinli maktab, 385 oʻrinli bogʻcha, 200 qatnovli poliklinika quriladi. Shahar qurilishi davrida 10 mingdan ortiq, keyin esa sanoat, savdo, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish sohalarida jami 100 mingga yaqin doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.
Davlatimiz rahbari Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur voyaga yetgan zamin ekani, andijonliklar bilimi va matonati bilan katta ishlarga qodirligini taʼkidladi.
— Bugun mana shunday ulkan bunyodkorlik ishlariga kirishar ekanmiz, avvalo mard va olijanob xalqimiz qudratiga, ajdodlarimizning boy bilimi va tajribasiga, mehnatkash, bir soʻzli va tanti Andijon ahlining azmu shijoatiga suyanamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan soʻng Prezidentimiz yangi shahar qurilishiga tamal toshi qoʻydi.
— Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Shu kunlarga yetganimizga shukur. Umid qilamanki, Yangi Andijon xalqimiz baxtli, farovon yashaydigan obod maskan boʻladi. Bu tarixiy voqea bilan, xayrli marosim bilan butun Andijon halqini chin yurakdan tabriklayman, — deya taʼkidladi Prezident.
Marosimda mehnat faxriylari, quruvchilar soʻzga chiqdi.
Qiyoslash uchun misol: Andijon viloyati boʻyicha 2016 yilgacha 4 ming 846 ta oila uchun yakka tartibdagi bir-ikki qavatli uylar qurilgan. Oxirgi 5 yilda esa 11 ming kvartirali koʻp qavatli hamda 4 ming 400 ta yakka tartibdagi uylar qurildi. Joriy yilda 6 ming 346 xonadonli 271 ta koʻp qavatli, shuningdek, ipoteka asosida 2 ming 500 ta yakka tartibdagi uylar barpo etilmoqda.