Davlatimiz rahbari “Andijon sanoat xabi”da viloyatda ishlab chiqarilayotgan mebellar koʻrgazmasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Andijon viloyatida 377 ta mebelsozlik korxonasi faoliyat yuritmoqda. Soʻnggi 5 yil davomida mazkur yoʻnalishda 35 million dollarlik 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 3 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilgan. Mebel ishlab chiqarish hajmi 2016 yilga nisbatan 15 barobarga ortgan.
Mebelsozlar uchun soliq, bojxona toʻlovlari boʻyicha qator imtiyozlar joriy etilganligi, eksportdagi xarajatlar hamda xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ish haqining qisman qoplab berilishi soha vakillariga katta ragʻbat boʻlmoqda.
Bugungi kunda yiliga 300 milliard soʻmlik mahsulotlar tayyorlanib, mintaqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Prezidentimiz shunday korxonalar taʼsischilari bilan suhbatlashdi.
— Oʻtgan yillardagi eng katta yutuqlardan biri tadbirkorlarimizda ong oʻzgardi, ishonch ortdi. Bugun raqobatdosh boʻlib, dunyoga chiqyapti. Bular ham faoliyatini oddiy ishdan, mahalladan boshlagan. Boshqalar ham shunday qilsa boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda aholi tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Andijon viloyatida 41 ta mahalla mebelsozlikka ixtisoslashgan. Masalan, Oltinkoʻl tumanidagi Ijtimoyat mahallasida 490 ta xonadonda mebel tayyorlash kooperatsiya usulida yoʻlga qoʻyilgan.
Bundan tashqari, yakka tartibda roʻyxatdan oʻtgan va oʻzini oʻzi band qilgan hunarmandlar ham koʻp. Minglab yoshlar “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida hunar oʻrganmoqda.
Shu bois mebelchilikni yanada rivojlantirish boʻyicha ish olib borilmoqda. Andijon va Oltinkoʻl tumanlarida bunga ixtisoslashgan 2 ta sanoat zonasi tashkil etilmoqda.
Ushbu tajriba asosida viloyatdagi 909 ta mahallaning imkoniyatlarini oʻrganib, serdaromad yoʻnalishlarga ixtisoslashtirish choralari muhokama qilindi. Buning uchun davlat tomonidan infratuzilma yaratilib, moddiy-tashkiliy jihatdan koʻmak beriladi. Maqsad — Andijon viloyatini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirishga intilish.