Andijonda ochilgan Sharda universitetida Angliya, Amerika, Hindiston mutaxassislari dars beradi

0
567
marta koʻrilgan.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Andijonda ochilgan Sharda (Hindiston) universiteti Administratsiyasi rahbari Amal Kumar ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Jurnalistlar bilan muloqot davomida Sharda universitetining qabul va imtihon tartibi, taʼlim yoʻnalishlari, taʼlim berish shakli kabi muhim savollar, “Oʻzbekistonda Sharda universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori ijrosiga doir masalalar muhokama qilindi.

“Sharda Educational Trust” taʼlim trasti Hindistondagi eng nufuzli va eng katta taʼlim muassasi hisoblanib, dunyodagi yetakchi mamlakatlar oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik qiladi, — dedi janob Amal Kumar. — Prezident Shavkat Mirziyovning oʻtgan yili Hindistonga tashrifi chogʻida taʼlim trastining Oʻzbekistonda filialini ochish boʻyicha takliflarini bajonidil qabul qildik. Chunki biz MDH davlatlarida ham filialimizni tashkil etishni moʻljallab yurgan edik va bu maqsadimizni birinchi boʻlib Oʻzbekistonda amalga oshirganimizdan bagʻoyatda xursandmiz”.

Maʼlum qilinishicha, Hindistonda “Sharda Educational Trust”ning 175 ta yoʻnalishi mavjud.

— Andijonda faqat uchta soha: IT, Muhandislik va Biznes yoʻnalishlari boʻyicha filial ochildi, — dedi Amal Kumar. — Bu yil 400 nafar talaba qabul qilishni moʻljallaganmiz. Abituriyentlar IELTS test sinovidan imtihon topshiradi. 5 balldan yuqori natija qayd etganlar grant asosida oʻqishlari mumkin. Shuningdek, ingliz tilini mukammal bilmagan abituriyentlar uchun ham oʻzbek tilida fizika, matematika va kimyo fanlaridan test imtihonlari topshirib, grant asosida talaba boʻlish imkoni mavjud. Imtihonlarimizning 2-bochqichi 22 avgust kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi.

Universitetga bu yil faqatgina bakalavr yoʻnalishida talabalarni qabul qilinishi qayd etildi. Hindistonlik vakilning soʻzlariga koʻra, yaqin yillar ichida magistratura taʼlim yoʻnalishi ham yoʻlga qoʻyiladi. Universitet talabalariga dars berishda Hindiston, Angliya va Amerikadagi yetakchi mutaxassislar hamda oʻzbekistonlik pedagog kadrlar jalb qilinadi. Muassasada oʻqish Oʻzbekistondagi kabi 2 semestrda, sentyar oyidan iyun oyiga qadar davom etadi.

“Sharda taʼlim trastining yoʻnalishlari juda koʻp, — dedi janob Amal Kumar. — Jumladan, tibbiyot sohasida ham taʼlim yoʻnalishi va gospitali mavjud boʻlib, Toshkent shahrida uning filiali va gospitalini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Talabalar nazariya bilan amaliyotni bir vaqtning oʻzida olib borishadi”.

Tadbirda Sharda universitetining strategik rivojlanish va loyihalarni boshqarish boʻlimi boshligʻi Elan Rozi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Boboyev hamda boshqa masʼul vakillar ishtirok etdi. 

Manbaa: AOKA — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.