Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 noyabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Andijon viloyatining iqtisodiy salohiyati yuqori. Davlatimiz rahbarining shu yil fevraldagi amaliy tashrifi hamda unda belgilangan vazifalar hudud rivojiga qoʻshimcha turtki berdi. Sanoat, tadbirkorlik, savdo, xizmat koʻrsatish, turizm va qishloq xoʻjaligi sohalarida yaxshi natijalarga erishildi.
Shu bilan birga, hali imkoniyatlar koʻp. Tumanlarda olib borilgan oʻrganishlar davomida qator takliflar aniqlangan.
Masalan, Oltinkoʻl va Jalaquduqdagi 600 gektarda xitoylik investorlar tomchilab sugʻorish orqali qalampir yetishtirib, qayta ishlash loyihasini boshlagan. Bu orqali gektaridan 15 ming dollarlik mahsulot eksport qilish hisob-kitob qilingan.
Paxtaobod tumanida Birlashgan Arab Amirligi kompaniyasi bilan hamkorlikda 470 gektarda gilos va rezavor mevalar yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Tadbirkor investitsiya majburiyatini oʻz vaqtida bajarayotgani uchun davlatdan infratuzilma qilib berishni soʻragan.
Viloyatdagi 4 ta parrandachilik korxonasi faoliyatini tiklab, ehtiyojmand oilalardagi 650 nafar odamni ishga olish imkoniyati aniqlangan.
Asakadagi “ADM elektriks” korxonasi avtomobillar uchun 28 turdagi sim oʻtkazgich va multimedia tizimlarini ishlab chiqaradi. “Oniks”, “Treker”, “Kia sonet” kabi modellarda mahalliylashtirish kengaytirilsa, korxonaning quvvati va daromadi oshadi.
Yigʻilishda Andijon viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha qaror loyihasini taqdimot qildi. Unda 2025 yilda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar nazarda tutilgan. Jumladan, 3 milliard 100 million AQSH dollari miqdorida investitsiya oʻzlashtirish, 334 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, 305 ming nafar aholi bandligini taʼminlash hamda 1 milliard AQSH dollari miqdorida eksport qilish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, viloyatda aholi zichligi inobatga olinib, yer masalasida imkoniyatlar yaratiladi. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan maydonlar, jumladan, qir-adirlardan jami 1 ming 800 gektar yerning toifasi oʻzgartiriladi. U yerlarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish majmualari, uy-joylar barpo etiladi.
Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish, loyihalarni zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlash, aholining bandligini va daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.