Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi markaziy qozonxonani borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
U yaqinda imtiyozli xorijiy kredit evaziga rekonstruksiya qilinib, Xitoyda ishlab chiqarilgan 3 ta energiya tejamkor qozonlar oʻrnatilgan. 28 kilometr issiqlik quvurlari yotqizilib, 373 dona individual issiqlik punktlari tashkil etilgan. Shuningdek, 2 ming kilovatt quvvatli transformator oʻrnatilib, yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻi tortilgan.
Natijada shahardagi 271 ta koʻp qavatli uy va 30 ta ijtimoiy obyekt markazlashgan issiq suv va issiqlik taʼminotiga ega boʻladi. Shu bilan birga, bir yilda 16 million metr kub tabiiy gaz, 2 million kilovattdan ziyod elektr energiyasi tejab qolinadi.
Shu yerda 2024-2026 yillarga moʻljallangan navbatdagi loyihalar haqida axborot berildi. Unga koʻra, Andijon shahridagi yana 5 ta qozonxonani rekonstruksiya qilish, 33 kilometr issiqlik tarmoqlarini qurish va 114 ta koʻp qavatli uyning ichki isitish tizimlarini yangilash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu loyihalarni jadallashtirib, aholini barqaror issiqlik bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.