Andijondagi xususiy korxonada 1 ming 200 nafar ayol ishlamoqda

0
190
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 va 22 may kunlari Andijon viloyatida boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, aholi bilan uchrashdi. Jumladan, Andijon shahridagi 1 ming 200 nafar ayol ish bilan taʼminlagan “VBM Tekstil Grup” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi.

Oʻn uch yil qarovsiz yotgan korxona binosi tadbirkorga «nol» qiymatda berilgach, vaziyat tamomila oʻzgardi. 6,5 million dollar mablagʻ evaziga qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Italiya, Yaponiyadan tikuvchilik va matoga ishlov berish dastgohlari keltirib oʻrnatildi. 

Zamonaviy qiyofa kasb etgan korxona oʻn kun avval faoliyat boshladi. Bu yerda yiliga oʻrtacha 11 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.

MDH mamlakatlari bilan shartnomalar imzolangan boʻlib, yiliga 27 million dollarlik mahsulot eksport qilish moʻljallangan. Bu geografiyani kengaytirish maqsadida Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Korxonada 1 ming 200 nafar ayol ish bilan taʼminlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

– Avvalambor, sizlarni yaqinlashib kelayotgan ulugʻ ayyom bilan tabriklayman. Bu fabrika andijonliklarga oʻziga xos tuhfa boʻlibdi. Biz uchun har bir ish oʻrni muhim. Bu yerda shuncha xotin-qiz ishli boʻlganidan juda xursandman. Tadbirkorlarimiz jahon bozorlariga chiqmoqda. Bu – dunyoqarash oʻzgarishi, imkoniyatlar natijasi, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga paxta tolasini qayta ishlashni chuqurlashtirib, qoʻshilgan qiymat yaratish, korxonalarga qoʻshimcha investitsiyalar yoʻnaltirib, ishlab chiqarishning toʻliq siklini oʻzlashtirishga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Ilgari viloyatda yetishtirilgan paxta faqat xomashyo sifatida sotilardi. Bundan daromad 100 million dollarga ham yetmasdi. Endilikda qayta ishlash rivojlanayotgani natijasida joriy yilda qariyb 440 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 2021 yilda bu koʻrsatkichni 527 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

“VBM Tekstil Grup” tomonidan Andijonda tikuvchilik va jinsi ishlab chiqarish, mato toʻqish va boʻyash korxonalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Shu yerda 2020-2021 yillar mobaynida viloyatda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, Prezident  Andijon viloyatiga safari chogʻida «Zamonaviy qishloq» loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. «Zamonaviy qishloq»dagi uylarni boshqa turar joylarga nisbatan arzon qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 1 maydan ishga tushgan Marhamat tumanidagi “Vodiy hamkor agrofirmasi” tomonidan tashkil etilgan quyonchilik klasteri bilan ham tanishdi. Goʻsht narxini arzonlashtirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Prezident yaqindagina 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan Andijon shahrida Digital City nomli texnopark bilan ham tanishdi. Ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan boʻlib, hozirda bu yerga tumanlardan 328  yosh mutaxassis jalb etilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.