16 fevral kuni Xonobod shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Andijon viloyatida sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, turizm va ijtimoiy sohalar rivojlanmoqda. Shu bilan birga, hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham koʻp.
Yigʻilishda shunday imkoniyatlar koʻrsatilib, ularni ishga solish boʻyicha choralar va masʼullar belgilandi.
Bu yil Andijonda 190 ta koʻp qavatli uy-joy qurilib, 7 mingta oila yangi xonadon bilan taʼminlanishi, Asaka tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilishi qayd etildi. Andijon, Asaka va Shahrixon shaharlarida urbanizatsiya dasturi amalga oshirilishi, aholisi 100 mingdan oshadigan Asaka va Shahrixon shaharlari viloyat boʻysunuviga oʻtkazilishi belgilandi.
Mahallalarni obod qilish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Andijon tajribasi yaratiladi. Ularni meva-sabzavot, chorvachilik, hunarmandchilik, kasanachilik, sanoat, savdo va xizmatga chuqur ixtisoslashtirish boʻyicha dastur amalga oshiriladi. Bu maqsadlarga 850 milliard soʻm kredit resurslari va 50 milliard soʻm subsidiya ajratiladi.
Transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida Xonoboddan Asakagacha poyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish, Andijondan yurtimizning boshqa shaharlariga poyezd va avtobus qatnovini koʻpaytirish rejalashtirildi. Shuningdek, kichik va mikro GESlar qurish, elektr tarmoqlari va yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Viloyatda ishsizlik darajasi 7 foizga tushgan. Aholining tadbirkorlikdan olayotgan daromadi 1,5 baravarga oshgan. 225 ming aholi oʻzini oʻzi band qilgan.
Lekin hali 400 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish, bitiruvchi yoshlar bandligini taʼminlash zarur. Shu maqsadda ular kasb-hunarga oʻqitiladi, imtiyozli kreditlar berilib, tadbirkorlikka jalb etiladi. Xitoy tajribasi asosida mahallalar chetida issiqxonalar tashkil etilib, ehtiyojmand oilalarga boʻlib beriladi. Yoshlar axborot texnologiyalari va xorijiy tillarga qoʻshimcha oʻqitiladi.
Andijonda avtomobilsozlik sohasida 12 ta yirik va 160 dan ortiq mahalliy korxona bor. Ularda 17 ming aholi band. Buni yanada oshirish uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida mahallalarda ishlab chiqarish kengaytiriladi. Buloqboshida keramik plita, Marhamat va Baliqchida chinni buyumlar korxonalari tashkil etiladi.
Viloyatda ip-kalavani qayta ishlash darajasini 100 foizga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Bu yil 150 million dollarlik boʻyash va tayyor kiyim ishlab chiqarish loyihalari yakunlanib, 6 mingta ish oʻrni yaratiladi. Toʻqimachilik korxonalariga Italiyadan dizaynerlar olib kelinadi. Shuningdek, Oltinkoʻl tumanida mebelsozlik kompleksi barpo etiladi.
Murakkab tarkibli dori va tibbiy buyum ishlab chiqarish boʻyicha 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Oliy taʼlim muassasasi bilan birga farmatsevtika klasteri tashkil qilinadi.
Andijon viloyati bilan Xitoy ishbilarmonlari oʻrtasida 3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Uning 1 milliard dollarini shu yilning oʻzida jalb etish mumkin. Shu maqsadda Andijon tumanida 218 gektarda “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilinadi. Investorlarga erkin iqtisodiy zonalar uchun belgilangan barcha soliq va bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, sanoat zonalardagi boʻsh yerlarga 300 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi.
Mutasaddilar joriy yilda 2,5 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 45 mingta ish oʻrni yaratish, 1 milliard dollar eksporttaʼminlash rejalarini bayon qildi.
Zamonaviy mehmonxonalar va turizm markazlarini barpo qilib, 20 ming kishining bandligini taʼminlash imkoni borligi aytildi.
Qishloq xoʻjaligidagi asosiy vazifa hosildorlikni oshirish, eksportni koʻpaytirish va sanoatlashtirish boʻladi. Shu maqsadda paxtachilikda 80 sentnergacha hosil beradigan, tola chiqimi 45 foizgacha boʻlgan Xitoy navi ekiladi. 10 ming gektarda tomchilatib sugʻorishni joriy qilinib, yana 20 ming gektar lazerli tekislanadi. “Tuyamoʻyin”, “Miyan”, “Chinobodsoy”, “Qadim”, “Qatortol”, “Paxtaobod” kanallari betonlanadi.
Meva-sabzavot yetishtirish uchun oilaviy tadbirkorlik doirasida 100 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi, qurilmalar xarid qilishga subsidiya beriladi, serdaromad ekinlar urugʻi va koʻchati xarajatining 30 foizi qoplanadi.
Oziq-ovqat sanoatiga xorijiy brendlar jalb etiladi. Andijon tumanida yirik agrologistika markazi quriladi. Daryo va zovurlar, ularning atrofi tadbirkorlarga ijaraga berilib, parranda va baliq boqish yoʻlga qoʻyiladi. Marhamatdagi pillachilik klasteri Andijonning hamma tumanlariga namuna boʻldi. Yoʻl boʻylari, dala, bogʻ va tok chetlari aholiga boʻlib berilib, 20 million tut ekiladi.
Ijtimoiy sohalar tahlil qilinar ekan, avvalo, maktab taʼlimi sifatini oshirishga eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda 10-11 sinf oʻquvchilariga aniq, tabiiy va chet tili fanlaridan birini chuqur oʻrganish yoki ishchi va IT kasblarga oʻqish imkoni yaratiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, amaliy mashgʻulotni tadbirkorlar oʻtkazadi.
Asaka agrotexnologiya texnikumi bilan Andijon qishloq xoʻjaligi instituti oʻrtasida “2+2” dasturi joriy qilinadi. Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida boshqaruv va oʻqitish metodikalari yangilanadi.
Viloyat shifoxonalarini rivojlantirib, kardio, endo va mikroxirurgiya yoʻnalishida tibbiy xizmatlar eksportini 2 barobar oshirish mumkinligi qayd etildi. Andijon shahridagi bir-biriga yaqin joylashgan 8 ta shifoxonani klaster usulida birlashtirish, Tibbiyot instituti klinikasi negizida koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tashkil qilish boʻyicha takliflar bildirildi.
Prezidentimiz bugungi yigʻilish ulugʻ shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tugʻilgan kunlarda boʻlib oʻtayotganiga eʼtibor qaratib, bu bilan andijonliklarni tabrikladi. Andijon shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi yangi gʻoyaviy konsepsiya asosida qayta qurilishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari Andijon shahridagi sanʼat maktabiga oʻzbek qoʻshiqchiligiga beqiyos hissa qoʻshgan, Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Joʻrayev nomini berishni taklif qildi. U Musiqa va sanʼat kollejiga aylantirilib, grant asosida yangi isteʼdod egalari tarbiyalanadi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, hokimlar va tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini eshitdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.