Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Andijon viloyati hokimligida faollar yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyatida ham katta oʻzgarishlar yuz bermoqda. Xususan, oʻtgan yili viloyat yalpi hududiy mahsuloti 12 foiz, investitsiyalar 19 foiz oʻsgan. Joriy yil birinchi chorakda ham oʻsish surʼatlari kuzatilgan.
Shunga qaramay, hali viloyatda imkoniyatlar koʻpligi, iqtisodiyot diversifikatsiya qilinmagani taʼkidlandi. Jumladan, viloyat sanoatining 80 foizi Asaka tumani va Andijon shahriga toʻgʻri kelib, boshqa tumanlarda sanoat deyarli rivojlanmagani koʻrsatib oʻtildi. Iqtisodiy faol aholining koʻpchiligi ishsiz, kishi boshiga toʻgʻri keladigan xizmat koʻrsatish hajmi yetarli emasligi qayd etildi.
Shu bois Andijon viloyatida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan qiymati 25 trillion 181 milliard soʻm boʻlgan 908 ta loyihadan iborat investitsiya dasturi ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar jami 1,7 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyani oʻzlashtirish va 35 mingdan ziyod ish oʻrni yaratishni taʼminlaydi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagi boʻlgan oilalarni aniqlab, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida 420 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi.
Yigʻilishda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilda Andijon shahrida 14 ta koʻp qavatli arzon uy va koʻplab tijorat uylari, qishloq joylarda 224 ta namunali uy-joy va 56 ta koʻp qavatli arzon turar joylar qurilishi maʼlum qilindi.
Prezidentimiz viloyat aholisi oʻsib borayotgani yana koʻplab uylar va qoʻshimcha ish oʻrinlari, ijtimoiy va kommunal xizmatlar tashkil etishni talab qilishi, buning uchun vazirliklar va viloyat rahbarlari uzoqni koʻzlab, oʻzini qiynab ishlashi zarurligini taʼkidladi.