Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Toshkent viloyatining Angren shahriga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarining avvalgi tashrifi chogʻida belgilab berilgan vazifalar asosida Angrenda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Angren temir yoʻl vokzali barpo etildi.
Angren transport kommunikatsiyalari jihatidan muhim strategik hudud. Toshkentni vodiy bilan bogʻlovchi temir yoʻl qurilganidan keyin uning ahamiyati yanada ortdi. Lekin vokzal yoʻqligi bois yoʻlovchilar uzoq stansiyalarga borishga majbur boʻlardi. Yangi vokzal shahar aholisi va turistlar uchun katta qulaylik yaratadi.
Vokzalda bir vaqtning oʻzida 100 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Kutish zali, ona va bola xonasi, tibbiy punkt, ovqatlanish va savdo shaxobchalarida barcha sharoit yaratilgan.
Prezidentimiz vokzalda yoʻlovchi va xizmatchilar uchun yaratilgan qulayliklarni koʻzdan kechirdi.
Shu yerda Toshkent viloyatida turizm, energetika, kimyo, metallurgiya sohalaridagi istiqbolli loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Prezidentimiz «Chorvoq» erkin turistik zonasida xalqaro dam olish maskanlari, Beldirsoy, Chimyon va Nanay hududlarida Fransiya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida togʻ-changʻi kurorti barpo etish loyihalariga alohida ahamiyat qaratdi.