Soʻnggi yillarda fanga kirib kelgan va jadal rivojlanib borayotgan “Art terapiyasi” sohasi sanʼatning taʼsiriga asoslangan tushunchadir.
Art terapiyasi — “Art davolash” maʼnosida samarali va foydali sohadir, shuning uchun u yoshidan qatʼiy nazar, ruhiy qoʻllab-quvvatlanishga ehtiyojli insonlar bilan ishlashda keng qoʻllanilmoqda. Art terapiyasida deyarli hech qanday cheklovlar yoʻq, biroq bu haqiqatan ham yaxshi natijalarga erishish imkonini beradi.
Bolada vujudga keladigan psixik holatlarning oldini olish, davolashda hozirgi davrda keng rivojlanib borayotgan soha – “Art terapiyasi” usuli samarali natija bermoqda. Art terapiyasi tushunchasi mazmun-mohiyati bilan sanʼat orqali insonni davolashni anglatadi. Art terapiyasi atamasi inglizcha art – sanʼat, mahorat va sanʼat terapiyasi maʼnosini beradi. Bu tushuncha mazmunida sanʼat orqali inson ruhiyatini yuksaltirish, qalbiga osoyishtalik singdirish maqsadi yotadi. Art terapiyasi bugungi kunda turli xil psixologik muammolarni hal qilishda juda mashhur usulga aylangan. Art terapiyasi – har qanday sanʼat (rasm, rangtasvir, haykaltaroshlik, musiqa, raqs va boshqalar) orqali inson ruhiyatini davolash boʻlib hisoblanadi.
Psixologik yordam usuli sifatida “Art terapiyasi” ancha uzoq davrdan buyon mavjud. Maʼlumki, qadimgi Xitoyda asab kasalliklarini davolash uchun iyerogliflarni chizish odati amalga oshirilgan.
“Art terapiyasi” tushunchasini fanga birinchi boʻlib, XIX asrning 30-yillarida rassom Adrean Xill kiritgan. U oʻz ish faoliyatida, yaʼni sil kasalligiga duchor boʻlgan xasta insonlarni davolash tajribasini tavsiflab berish chogʻida shuni tushunib yetdiki, ijod jarayoni bemorlarga kasallikni yengishda yordam beradi.
Art terapiyasini toʻliq yoʻnalish sifatida rivojlanishi psixologiyada XX asrning 30-yillarida boshlandi. Bunda Art terapiyasi usullari ikkinchi jaxon urushi davrida natsistlarning konsentratsion lageridan olib chiqilgan bolalarga yordam berish uchun qoʻllanilgan.
Ilk davrlarda “Art terapiyasi” Zigmund Freyd va Karl Gustav Yung psixologiyasiga tayangan. Bunda inson ijodiy faoliyatining natijasi ongsizlik va undagi davom etadigan jarayonlarni aks ettiradi. 1960 yili AQSHda Amerika “Art terapiya assotsiatsiasi” oʻz faoliyatini boshlagan.
Art terapiyasi – bu psixikani butlash, oʻz-oʻzini anglash va oʻzini namoyon qilishga yoʻnaltirilgan va shaxsni oʻzini ijobiy koʻrsatishga asoslantirilgan psixoterapivtik usuldir. Bu usul depressiya va nevroz, qoʻrquv va fobiyalarni davolash, shuningdek, ichki toʻsiq va siqilishlarni bartaraf etish uchun qoʻllaniladi.
Koʻzga tashlanadigan koʻproq lol qoldiradigan natijalarni – ushbu “Art terapiyasi”dan qattiq ruhiy zoʻriqish(stress) davrida olish mumkin va bu natijalar insonga ruhiy yordam beradi. Bunday holatda boshqa psixoterapevtik yondashuvlar orasida unga teng keladigani mavjud emas.
Shu bilan birga, art terapiyasi – bu insonda faqat muammolar yuzaga kelganidagina qoʻllanilishi shart boʻlmagan universal metoddir. Cogʻlom ammo, biroz tortinchoq bolalarning oʻzligini namoyon etishda ham samarali vositadir. Bizning har birimiz oziq-ovqat yoki uyquga ehtiyojimiz boʻlgani kabi oʻz-oʻzimizni namoyon etish, koʻrsatishga ham ehtiyoj sezamiz. Art terapiyasi – bu talab-ehtiyojni anglash va ularning yangi qirralarini koʻrsatishga, ichki his-tuygʻu tugʻyonlarini tashqariga olib chiqishga imkon beradi, bu esa bizning oʻzimizni, oʻzligimizni bu dunyoda yanada toʻliq va yorqin namoyon etish va koʻrsatishga koʻmaklashadi.
Insonga ruhiy osoyishtalik bagʻishlab oʻzini anglashga, oʻzligini namoyon etishga koʻmaklashadigan ushbu usulning yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari, natijalari bilan asta-sekin tanishtirib boramiz.
Shoxista SAMAROVA, Chirchiq davlat pedagogika universiteti Psixologiya kafedrasi mudiri, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent