Art terapiyasining samaradorligini aniqlash

0
393
marta koʻrilgan.
tabiat

Avvalgi maqolalarimizda art terapeyasining  maqsad va vazifalari hamda turlari haqida hikoya qilgandik.  Bu gal samaradorligi haqida  tushuncha beramiz.

Sanʼat sohasidagi universitet talabalarining ijodiy tasavvurlarini kamol toptirishda ularning obraz yaratishi bilan bogʻliq faoliyatga jalb etish yaxshi samara berishi mumkin. Ijodkor shaxslarning shakllanishida tasavvurning oʻrniga bagʻishlangan sinov-tajribalari Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining teatr sanʼati fakulteti estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi yoʻnalishi hamda xalq ijodiyoti fakultetining ashula va raqs  yoʻnalishlarida tahsil olayotgan 1-2-bosqich talabalari bilan oʻtkazildi. Ijodkor talabalardagi tasavvur jarayonlari darajasini oʻrganish va tahlil qilishni hozirgi vaqtda tobora ommalashib borayotgan “art terapiya” usulidan foydalanildi.

Art terapiyasining rasm chizish, plastilin, xamir, qum kabilar bilan ishlash, ashula aytish, musiqa, raqs, badiiy asarlar ijrosi kabi usullar qoʻllanildi. Art terapiyasi usullarini eng kichik yoshdagi bolalardan tortib, talabalarda ham qoʻllash mumkin. Bu eng “yumshoq”, shu bilan birga, eng foydali usullardan sanalib, yoshlarning yashirin imkoniyatlari, qobiliyatlarini, pinhon boʻlgan quvvat zahirasini va his-hayajonining ochilishiga yordam beradi. Insonning tasavvur darajasi, ruhiy holatini aniqlash bilan birga, ularni boyitish va rivojlantirishga ham yordam beradi. Talabalar bilan art terapiyasining turli usullarini bajarish asosida tajriba-sinovlar tashkil etildi hamda muayyan xulosalarga kelindi.

 Art terapiya qanday kechadi? Art terapiyasi mashgʻulotlarini inson guruhlarda, psixoterapevt bilan yakka tartibda, shuningdek, oʻzi  mustaqil oʻtkazishi mumkin. Art terapiyasini guruhda oʻtkazish hamda uning qatnashchilari 10-15 kishi boʻlib, yigʻilib, tajriba-sinovni rivojlantirib va oʻz-oʻzini anglash uchun terapevtga murojat etadilar. Terapevt art-terapiyaning bir turini tavsiya qiladi. Ularning har biri badiiy sanʼatning biror turini tanlaydi: raqs, dramaturgiya yoki poeziya. Bu yoʻl  insonning ichki imkoniyatlarini ochib berishga yordam beruvchi vosita boʻlib hisoblanadi. Bu bilan oʻzining amalga oshmagan orzulari va roʻyobga chiqmagan isteʼdodlarini koʻradi. Koʻpchiligimiz yoshlikdan hozirgi shugʻullanayotgan ishimiz bilan emas, balki boshqa ish bilan shugʻullanishni havas qilgan boʻlishimiz mumkin. Biroq, tarbiya va jamiyat rivoji sharoitlari taʼsirida juda koʻp hollarda shunday boʻladiki, inson  oʻzi yoqtirmaydigan ish bilan shugʻullanishga majbur boʻladi. Orzular esa oʻz ongidagina ushalmay qolaveradi.

Art terapiyasi insonlarga oʻzlarining sof tabiati aksini oʻz ijodida koʻrishga yordam beradi va real hayotda ularning oʻzligini koʻrsatadi. Ushbu jarayonga kirishayotgan dastlabki paytda Art terapiyasi mashgʻulotlari ijod oʻyiniga oʻxshaydi. Aslida bu harakat va xatolarni sinovdan oʻtkazish uchun makondir. U yerda toʻgʻri yoki notoʻgʻri, chiroyli yoki xunuklikka oʻrin yoʻq. Bunday onlarda qanday hodisa boʻlmasin, hamma narsa oʻz qimmatiga ega boʻladi.

Guruhning har bir ishtirokchisi oʻzini ijodda shunday namoyon etadiki, u qanday xohlasa va qanday qila olsa, shunday harakat qilaveradi. Insonda oʻzini boʻsh qoʻyish, oʻzligini ochib berish, birovlarning fikri haqida qaygʻurishni toʻxtatish qancha tez boʻlsa, shuncha tez oʻyindagi ijodiy faoliyatini, oʻzi ijodkor holiga kelganini sezadi va u tomonidan yaratilayotgan ijodiy mahsul xaqiqatdan ham noyob, chiroyli va qimmatbaho boʻladi.

Mashgʻulotdan mashgʻulotgacha guruhlarda ishonch, diqqatlilik, birdamlik, namoyondalik va oxiri kutilmaganlik paydo boʻladi hamda rivojlanadi. Guruhli art-terapiyaning soʻnggi bosqichida verbal muloqot bosqichi koʻzda tutilgan. Bunda barcha ishtirokchilar boʻlib oʻtgan art terapiyasi mashgʻulotlarini muhokama qilish, ijod namunalari va paydo boʻlgan guruh faoliyatlarini tavsiflashlari mumkin.

Shunday qilib, art terapiyasi usullari bizlarga oʻz hayotimizni toʻgʻri maʼnoda yaratish, yaʼni hayotimizdan xafagarchilikni oʻchirish, baxtni yasash, qiyinchiliklar xaqida yozish va kayfiyatni raqs yoki boshqa sanʼat turlari orqali aks ettirish imkonini beradi. Ichki imkoniyatlarni amalga oshirish natijada oʻzligini anglash va oʻzini oʻrab turgan dunyo bilan hamohang boʻlish har bir insonga xosligini tushinib yetadi. Buning uchun maxsus tayyorgarlik talab etilmaydi. Art terapiyasining asosiy tamoyillaridan biri shuki, ijod – davolovchi, sogʻaytiruvchi, tuzatuvchi taʼsirga ega, u inson ruhiyatidagi ichki nizolarni hal qilish va kechinmalarga berilishga izn bermay, balki ruhiyatni mustahkamlaydi, boyitadi. Alloh bergan imkoniyatni,  olam goʻzalligini, har bir inson shaxsligini  anglash imkoniyatidir. Oʻzligini anglash imkoniyatidir.

Shohista  Samarova, Chirchiq davlat pedagogika universiteti  Psixologiya kafedrasi mudiri

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.