Art terapiyasining  turlari va mashgʻulotlar oʻtkazish tartibi

0
3834
marta koʻrilgan.

Hozirgi davrda rivojlanib borayotgan art terapiyasi bolalar va kattalar uchun birday zarurligi va uning   maqsadlari xususida hikoya qilgandik.

Soʻnggi yillarda fanga kirib kelgan va jadal rivojlanib borayotgan “Art terapiyasi” sohasi sanʼat  taʼsiri asosida davolashdir. U odamlarning yoshidan qatʼiy nazar  ruhiy qoʻllab-quvvatlanishga ehtiyojli insonlar bilan ishlashda keng qoʻllanilmoqda. Art terapiyasida inson oʻzini erkin namoyon eta oladi va koʻnglini toʻliq ochishga imkon beradi.

Bugungi mavzumizda uning asosiy turlari, mashgʻulotlar oʻtkazish tartibi va art terapevtik taʼsir koʻrsatish uchun qanday materiallardan foydalanish  hamda  qanday natijalarni kutish mumkinligi haqida fikr yuritiladi. Buning uchun art –terapiyasining  turlari bilan tanishtiramiz

 Izoterapiya. Musavvirlik va amaliy sanʼat art-terapiyaning keng tarqalgan turlaridir. Izoterapiyaning asosiy afzaligi shundaki, u ichki cheklov toʻsigʻini yengib, ong ostidagi ishonch eshiklarini ochadi. Ijodiyot – ong ostida yashiringan salbiy kechinmalarni yuzaga qalqib chiqarishga, ruhiyat ozod boʻlishiga koʻmaklashadi.

Raqs terapiyasi. Oʻz shaxsiy his va tuygʻularini raqsda koʻrsatishdan yaxshiroq narsa bormi? Bu bilan birga raqs terapiyasi mashgʻulotlari shunchalik samarali va sogʻaytiruvchi taʼsirga ega boʻladiki, u insonning dunyoga boʻlgan qarashlarini oʻzgartirishga qodir. Buning uchun raqsni oʻzining ittifoqdoshi qilib olinsa, bas. Tanaga yoʻnaltirilgan terapiya asoschisi Vilgeym Rayx bu borada shunday degandi: “Agar hissiyotlarning (har qanday: jahl, xafagarchilik, xursandchilik kechinmalarini) tashqariga chiqishiga imkon berilmasa, ular inson tanasida oʻziga xos mushak qalqonini tashkil qilib, hujayralarda yigʻiladi. Raqs terapiyasi buning oldini oladi. Raqsga tushish jarayonida ularni tarqatib, yoʻqotib tashlashga erishish mumkin.

Art terapiyasida insonda erkinlik hissiyoti paydo boʻlgunga qadar, raqsga tushish tavsiya etiladi. Bu holda raqs studiyasidagi mashgʻulotlar toʻgʻri kelmaydi, sababi barcha harakatlar u yerda murabbiy tomonidan belgilab beriladi. Har bir inson  oʻz ichki kechinmalarini oʻzi boshqarib ruhiyatini yuksaltirib olishi kerak. Shundagina salbiy hissiyotlardan forix boʻladi.

Musiqa terapiyasi. Musiqa inson his-tuygʻularini, orzu-istaklarini oʻziga xos badiiy tilda ifoda etadi va kishilarning hissiyotlariga, estetik va axloqiy tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, goʻzallikka boʻlgan his-tuygʻularning rivojlanishiga zamin yaratadi. Bu borada Sharq mutafakkirlarining musiqiy, falsafiy, psixologik va pedagogik merosidan taʼlim jarayonida foydalanishning ilmiy-nazariy asoslari, uning oʻziga xos xususiyatlari hamda mohiyatini oʻrganish muhim ahamiyatga molik. Oʻsib kelayotgan avlod uchun musiqiy tarbiyaning ahamiyatini nihoyatda ulugʻvor ekanligini buyuk allomalar alohida urgʻu bilan taʼkidlaganlar. Shu bilan bir qatorda, musiqiy atamalarni, usullarni sharhlashga harakat qilganlar.

Oʻtmishda yashab ijod qilgan ulugʻ ajdodlarimiz Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Muhammad Muso Xorazmiy, Yusuf Xos Hojib, Imom Ismoil Buxoriy, Imom at-Termiziy, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiyning ilmiy-maʼnaviy meroslaridan yoshlarni keng bahramand qilib borish, shuningdek, yaqin oʻtmishda yashab ijod qilgan Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy kabilarning taʼlim-tarbiyaga oid asarlarini, ularda ilgari surilgan gʻoyalar, pedagogik fikr va qarashlarni bugungi taʼlim-tarbiyaga bogʻlash natijasida yaxshi samaraga erishish mumkin.

Tarixiy manbalarning tahlili shuni koʻrsatadiki, yuqorida nomlari zikr etib oʻtilgan buyuk siymolar oʻzlarining ilmiy va pedagogik qarashlarida shaxs kamolotida barcha aniq fanlar qatori sanʼat turlari, ayniqsa, musiqa sanʼati keng imkoniyatlarga ega ekanligini eʼtirof etib oʻtganlar. Ulugʻ qomusiy olim Abu Nasr Forobiy  bu borada fikr yuritib, “Musiqa nafaqat insonlarni tarbiyalaydi, balki uning ruhini davolaydigan omildir” — deya taʼkidlagan. Shuningdek, musiqaning ruhiyatga taʼsiri, tarbiyaviy quvvati hususida Sharqning buyuk shoir faylasufi Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, musiqa nazariyotchisi Darvesh ali Changiylarning musiqiy meroslari musiqiy-estetik tarbiya muammolarini hal etishda noyob manba boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbek xalqining buyuk shoiri va allomasi Alisher Navoiy oʻz asarlarida nazm, qoʻshiq va raqs davra ahliga bagʻoyat zavq-shavq bagʻishlashini taʼkidlaganlar.

Hamma davrlarda ham musiqa sanʼati kishilar hayotida muhim oʻrin tutib kelgan. Oʻzida xalqning turmush tarzini, hayotga munosabati va dunyoqarashlarini aks ettirgan. Shunga koʻra taʼlim-tarbiya sohasida sanʼat, uning yetakchi va ommaviy turlaridan boʻlgan musiqaning oʻrni alohidadir. Ulugʻ alloma Ibn Sino fikricha, inson qalbi oʻz tabiati bilan bir-biriga monand boʻlgan tovush va ritmlarni yoqtiradi. Shu sabab tovush insonlar hayotida eng zarur omillardan biri; tovush in­sonni hayajonlantiradi, salomatligiga katta taʼsir koʻrsatadi. Ibn Sinoning “Musiqa bilimiga oid toʻplam” asari birinchi maqola muqaddimasida tovushning sezgi organlariga taʼsiri, uning yoqimli va yoqimsizligi, tovushni eshitganda lazzatlanish yo nafratlanish hissining paydo boʻlishi kabi masalalarga toʻx­talgan. Unda musiqaning kishi hayotiga qanchalik zarurligi va uning paydo boʻlishi sabablari haqida mulohaza yuritilgan. Inson tabiati yoqimli narsalar orqali yengil tortadi, orom ola­di, aksi boʻlsa ogʻirlashadi, oromi yoʻqoladi, nafrati qoʻzgʻaladi.

Shu bilan birga, Ibn Sino mulohazasiga koʻra, ovozning baland-­pastligi ham, ularning bir-biridan farq qilishning ham oʻziga xos maʼnosi bor. Bu xil turli-tuman ovozlarda nazokat bilan maʼlum maʼnolar ifodalangan. Bular hammasi oʻsha ovoz sohibiga taʼsir etib, undan kuzatilgan maʼno tushuniladi. Mana shunda olim fikricha, ovozning baland-pastligi, ayniqsa, musiqiy ovoz yoki tovushning darajasi qanday boʻlishligi kishi ruhiga taʼsir etishda ahamiyat kasb etadi. Mana shu mulohazadan keyin, Ibn Sino yoqimli va yoqimsiz ovozlarning inson salomatligiga taʼsirini taʼkidlab oʻtgan.

Ibn Sino oʻzining mashhur: “Qonun-fit-tib” asarida quyidagilarni taʼkidlaydi: “Tanani chiniqtirishda chaqaloqlar uchun juda foydali vositalar qatoriga, birinchidan, yengil tebratish va, ikkinchidan, odatda uxlatish uchun aytiladigan qoʻshiqlar — allalar kiradi. Bolaning ushbu ikki narsani qabul qilish darajasiga muvofiq uning jismoniy mashqlarga va musiqaga moyilligini aniqlaydilar. Ularning birinchisi tanaga, ikkinchisi esa ruhiyatga tegishlidir”. Bunda Ibn Sino maʼnaviy tarbiya bolaning chaqaloq yoshidan beshigini tebratish davomida (jismoniy tarbiya) alla (qoʻshiq) aytish vositalari bilan mushtarak tarzda olib borilishi lozimligini aytib oʻtgan.

 “Musiqa – donishmandlik va faylasuflikdan yuqoriroq taʼsirga ega” – degan edi Betxoven. Shu sababli ham art terapiyasida musiqiy usuldan keng foydalaniladi. Gʻarb olimlari olib borilgan koʻplab izlanishlar natijasida shunday xulosaga kelganlarki, musiqa bilan davolash juda katta samaraga ega. Musiqa bilan davolash alsgeymerlar, tushkunlik, qoʻrquv va uyqusizlik holatida samaralidir. Musiqani tinglashda – insonning ichki holati musiqa maromiga tenglashib, ijobiy tebranishlarni oʻziga singdiradi. Musiqa nafaqat kayfiyatni koʻtaradi, balki  mushaklar tarangligini kamaytiradi, davolash kuchiga ega boʻladi.

Oʻyin terapiyasi. Art terapiyasida oʻyinli mashqlar alohida eʼtiborga molik. Oʻyinli mashqlar insonga zavq berish bilan birga, undan ijodkorlikni ham talab etadi. Masalan, bolalarning chillak oʻyini, qizchalarning besh tosh oʻyini, bekinmachoq oʻyinlari bolalarning ruhiyatiga yaxshi taʼsir etib. Ijodkorlikka yoʻnaltiradi, oʻz muammolarini unishga yordam beradi.

Sahnada ijro terapiyasiPsixodrama koʻrinishiga ega oʻyinlar orqali davolash  yoʻnalishni Yakob Moreno asoslagan. Sahna koʻrinishlarida ishtirok etish inson ruhiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini taʼkidlagan. Hayotdagi murakkab va ogʻir vaziyatlarda ushbu  davolash qoʻl keladi. Teatrlashgan oʻyinlar xotira, diqqat, iroda, his-hayajon, tasavvur va jismimiz holatini faollashtiradi.

Maʼlumki‚ mamlakatimizda teatrning deyarli hamma turlari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Teatr bu yunoncha (tiyation) soʻzidan olingan boʻlib tomoshaxona degan maʼnoni bildiradi. Jajji kichkintoylarimizning sevimli teatri bu qoʻgʻirchok teatridir. Bu teatr orqali bolalar oʻzlariga yaqin va tanish boʻlgan oʻyinchoqlarni, ayiqcha, quyoncha, kuchukcha va boshqa qaxramonlarni jonli ravishda koʻradilar. Teatr bolalarga xursandchilik va quvonch baxsh etish bilan birga katta tarbiyaviy ahamiyatga ham egadir.  Shu sababli sahna ijrosida bolani qatnashtirib, sahna  terapiyasidan foydalanib, inson ruhiy olamiga taʼsir koʻrsatish imkoni mavjud.

 Fototerapiya. Psixologik muammolar yechimi shaxsiy oʻsish va oʻz-oʻzini anglashda fototerapiyaning oʻrni muhimdir. Art terapiyasining zamonaviy turi oʻtgan asrning 70-yillarida Amerikada keng ommalashgan. Bunda inson oʻzini suratga tushirishi yoki suratga oʻzi tushib, tayyor suratlar bilan ishlashi mumkin. Bu kabilar boshqa ijod turlari bilan psixik uygʻunlashib, tahlil etiladi. Qoʻshimcha tasviriy texnikalar, mussavirlik, va suratlardan maket yasash diqqatni toʻplaydi,  inson sevimli kasbi bilan mashgʻul boʻladi. U raqs va badiiy koʻrinishlar va boshqalar bilan uygʻunlashtirilganda yanada samarali boʻladi.

Keyingi darsimizda ertaklar terapiyasi haqida hikoya qilamiz. Ushbu usul bolalar uchun nihoyatda zarur hisoblanadi. Bizni kuzatib boring. Art terapiyasining zamonaviy turlaridan oʻzingizga maʼqulini tanlang.

Shohista  Samarova, Chirchiq davlat pedagogika universiteti  Psixologiya kafedrasi mudiri

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.