Arxitektura institutlari faoliyati takomillashtiriladi

0
96
marta koʻrilgan.

27 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami oshdi, qurilishda murakkab texnologik yechimlar qoʻllanmoqda. Lekin soha boʻyicha taʼlim va ilm bundan ancha ortda qolmoqda. Institutlardagi oʻquv dasturlari eskirgan. Oʻqitiladigan fanlar soni chet eldagidan ham koʻp, sifati unday emas. Taʼlim jarayoniga amaliyotchi mutaxassislar yetarli darajada jalb etilmagan. Zamonaviy fikrlaydigan injener-konstruktorlar yetishmayapti.

Shu yil 6 iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bu masalaga alohida toʻxtalib, sohadagi oliy taʼlim muassasalarini transformatsiya qilish zarurligini aytgan edi.

Taqdimotda Toshkent hamda Samarqanddagi arxitektura institutlarining oʻquv dasturlarini isloh qilib, taʼlim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Mutasaddilar mazkur institutlarning oʻquv dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, yangi fakultetlar tashkil etish, taʼlim va ishlab chiqarishni uygʻunlashtirish, ilmiy faoliyatni takomillashtirish rejalarini bayon qildi.

Prezident bu takliflarni maʼqullab, ustuvor vazifalarni koʻrsatib oʻtdi. Avvalo, bakalavr yoʻnalishlari sonini qayta koʻrib chiqib, fanlarni zamonaviy shaharsozlik va texnologiyalarga moslashtirish zarurligi taʼkidlandi. Oʻqituvchilar uchun malaka talablari va bitiruvchilarning kompetensiyalarini oshirish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Institutlarga xorijiy tajribaga ega malakali mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, mahalliy professor-oʻqituvchilarni chet elga ilmiy stajirovkaga yuborish muhimligi qayd etildi. Bu borada Toshkent arxitektura-qurilish instituti Istanbul texnika universiteti bilan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Yildiz texnika universiteti bilan taʼlim hamkorligini yoʻlga qoʻyadi.

Taʼlim va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida har bir kafedraga ishlab chiqaruvchi korxonalarni biriktirish, institutlar huzurida texnopark va inkubatsiya markazi tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Ularda energiya tejamkor qurilish materiallari yaratish, yetakchi kompaniyalar bilan mahorat darslari va amaliy treninglar oʻtkazish, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish mumkin boʻladi.

Shuningdek, ilgʻor muhandislik bilimlari asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydigan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etilishi belgilandi.

Institutlar huzuridagi akademik litseylarni ham takomillashtirib, A-level darajasidagi oʻquv dasturi va metodikasini joriy etish zarurligi qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.