Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.
Unda asosiy eʼtibor ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.
Savdo aloqalarida erishilayotgan natijalardan mamnunmiz. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 55 foiz oʻsdi. Bu oʻtgan yilgi kelishuvlarimiz natijasidir. Bu surʼatni saqlab qolish va yanada oshirish muhim, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Turkmaniston va Oʻzbekiston tinchliksevar davlatlar, yaxshi qoʻshnilar sifatida tanilgan. Mamlakatlarimiz xalqaro doirada ham, oʻzaro aloqalarda ham bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi. Bugungi muzokaralar buni yana bir tasdiqladi, dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.
Oʻzbekiston va Turkmanistonda bir-birini toʻldiradigan imkoniyatlar koʻpligi, ularni ishga solib, oʻzaro savdo aylanmasini jadal oshirish va nomenklaturasini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. Ikki mamlakat bozorida tovar ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat korxonalari kooperatsiyasini mustahkamlash, hududlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 2020 yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollargacha yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Bu maqsadlarga erishish uchun Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Turli darajadagi samarali uchrashuvlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikka yangi surʼat bagʻishladi, uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qildi. Mart oyida Ashxobodda oʻtkazilgan Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasi muvaffaqiyatli boʻldi. Ayni kunlarda poytaxtimizda Turkmaniston milliy koʻrgazmasi va ishbilarmon doiralarning biznes-forumi boʻlib oʻtmoqda.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, bu orqali oʻzaro savdo hajmini, mamlakatlarimizning ushbu yoʻnalishdagi raqobatbardoshligini oshirishga kelishib olindi.
Qishloq xoʻjaligi mashinalari, avtomobillar va elektr texnikasi mahsulotlarini hamkorlikda ishlab chiqarish, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish, chegaraoldi hududlar oʻrtasida savdo-sotiqni kengaytirish, xizmatlar koʻrsatish va boshqa masalalar boʻyicha oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.