Atrof-muhitni asrash va chiqindilarni boshqarishga oid loyihalar taqdimot qilindi

0
31
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlar hamda kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Maʼlumki, joriy yilning 12-17 fevral kunlari Samarqand shahrida BMTning Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yigʻilishi (COP-14) boʻlib oʻtdi. Unda 130 dan ortiq davlatdan 2 mingga yaqin ishtirokchilar qatnashdi.

Tadbir yakunlari boʻyicha Konvensiyaga aʼzo davlatlar tomonidan ijroga qaratilishi uchun 2024-2032 yillarga moʻljallangan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlari boʻyicha Samarqand strategik rejasi tasdiqlandi. Ekologik bogʻliqlik boʻyicha global hamkorlik (GPEC) tashabbusi ishga tushirildi.

Oʻzbekiston BMT konvensiyasiga 2024-2026 yillar uchun prezident sifatida saylandi. Toshkent shahrida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN)ning Markaziy Osiyodagi ilk vakolatxonasi ochildi. Shuningdek, BMT Atrof-muhit dasturining Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Jahon banki bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda 6 ta transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni barpo etishga qaratilgan loyihani amalga oshirishga kelishildi. Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida qator hujjatlar imzolandi.

Davlatimiz rahbari bu sohadagi hamkorlikni davom ettirib, Oʻzbekistonning xarakatlar rejasini va yangi grant loyihalar ishlab chiqish, xalqaro ekologiya tashkilotlari va konvensiya bosh qarorgohida soha xodimlarining malaka oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Taqdimotda “Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash” loyihasi haqida ham axborot berildi.

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi ushbu loyihaning umumiy qiymati 205 million dollardan ziyod boʻlib, 6 yil davomida amalga oshiriladi. Bu mablagʻ oʻrmonlar hududini kengaytirish, oʻrmon xoʻjaliklari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, barqaror boshqaruvni joriy etish, ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi maqsadlarga yoʻnaltiriladi.

Xususan, oʻrmonlarni tiklash va muhofaza qilishda innovatsion boshqaruv tizimi hamda axborot texnologiyalar joriy qilinadi. Degradatsiyaga uchragan oʻrmon yerlari tiklanadi. Chegaradosh hududlardagi landshaftni tiklash boʻyicha qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik rivojlantiriladi.

Bularning natijasida, jumladan, 175 ming gektar oʻrmonlar va 38 ming gektar yaylovlarni qayta tiklash, 19 ming gektarda agrooʻrmon va 5 ming gektarda sanoatbop oʻrmonlar barpo etish, 63 kilometr eko yoʻlaklar tashkil qilish koʻzda tutilgan.

Joriy yil 4 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi. Taqdimotda mazkur farmon ijrosi doirasida qilinayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Yurtimizda yiliga oʻrtacha 6,8 million tonna maishiy chiqindi hosil boʻladi. Soʻnggi yillarda sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan mahallalar soni 90 foizdan oshdi. Lekin chiqindilarni qayta ishlash darajasi yuqori emas. Hozirda bunday korxonalar 313 ta xolos.

Prezident farmonida bunday faoliyatni yanada ragʻbatlantirish choralari belgilangan. Jumladan, 2024 yil 1 iyundan boshlab maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi. Chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va «oziq-ovqat» toifalariga ajratgan holda yigʻish tashkil etiladi. Chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash sohasida xususiy sheriklik rivojlantiriladi.

Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun jarima miqdorini oshirish, chiqindi tashlab ketilgan joyni tozalash va olib chiqib ketish majburiyatini belgilash choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, taqdimotda maishiy chiqindi poligonlarini optimizatsiya qilish, chiqindilardan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, chiqindi poligonlarini investitsiyalar kiritishga jozibador qilish uchun ularning bufer hududlariga maxsus iqtisodiy zonalar rejimini joriy etish, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi hamda organik usulda oʻgʻitlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu yangi tizim boʻyicha birinchi pilot loyiha Andijon viloyatida amalga oshiriladi.

Jumladan, Andijon tumanida 13 million dollar investitsiya evaziga organik chiqindidan 100 ming tonna oʻgʻit, Asakada chiqindidan yiliga 2 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradigan loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Kelgusida ushbu Andijon tajribasi yurtimizning boshqa hududlarida ham tatbiq etiladi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.