Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak – Prezident

0
304
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari jamoatchilikka  murojaat qildi:

– Yoshligimizdan bilamizki, ota-onalarimiz hovlini, atrofni pok saqlash kerakligini aytardi. Xalqimiz azaldan tuproqni, suvni, tabiatni muqaddas deb bilgan. “Birni kessang, oʻnni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Daraxt ekkan odamga uning savobi tegib turadi, deyilgan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan.

Dunyo miqyosida sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bogʻliq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqmoqda. Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak. Buning uchun biz tabiatga eʼtibor berishimiz, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni oʻylab ish tutishimiz zarur.

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish. Bugun koʻchaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni koʻrasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Axir, muqaddas kitoblarimizda ham “Poklik iymondandur” deyilgan.

Nega bu masalada ommaviy axborot vositalari, mahalla faollari bong urmayapti? Qani nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz?

Albatta, bunday muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl bilan hal etib boʻlmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, koʻchalarda chiqindi tashlagan kishini koʻrganda “bu ishingiz notoʻgʻri boʻldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga oʻrgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Tahlillarga koʻra, deyarli barcha davlatlarda qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga har yili 1 foizga ortib bormoqda. Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy oʻsish hisobiga bu koʻrsatkich 7 million tonnaga yetib, yiliga 2 foizdan oʻsmoqda.

Lekin ularni yigʻish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emas. Misol uchun, Qoraqalpogʻistonda 10 foiz, Fargʻona va Qashqadaryoda 20 foiz chiqindi qayta ishlanadi, xolos. 781 ta mahallada chiqindilarni olib chiqish masalasi hal etilmagan. Aholining bu sohadagi xizmatlar boʻyicha debitor qarzdorligi ham koʻp. Tibbiyot va taʼlim muassasalari, bozorlar uchun 19 ming dona chiqindi konteynerlariga ehtiyoj bor.

Qurilish chiqindisi poligonlari tashkil qilinmay, ular yoʻl, dala yoki daryo boʻylariga tashlab ketilmoqda. Oʻtgan yili 4 mingta holatda qurilish chiqindilari notoʻgʻri joyga tashlab ketilgani aniqlangan.

Xuddi shu kabi, mahalla, massiv va xiyobonlar hududidagi barg va daraxt shoxlarini yigʻishtirish bilan shugʻullanadigan mutasaddi yoʻq. Bu masalani hamma bir-biriga tashlash bilan ovora. Tibbiyot chiqindilarini saqlash, tashish va zararsizlantirish boʻyicha ham yagona tizim mavjud emas.

Umuman, yurtimizdagi 197 ta chiqindi poligonining birortasi sanitariya va ekologiya talablariga javob bermaydi, 24 tasi toʻlib boʻlgan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda viloyat hokimlariga chiqindi poligonlarini tartibga keltirish, resursini oʻtab boʻlganlarini koʻmish boʻyicha topshiriq berildi. Bunday poligonlar tashkil etish va ularni yopishga oid qonun loyihasi ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Maishiy chiqindi toʻplash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilar ekan, buning uchun imkoniyat ham yaratildi. Xususan, endi import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona bojidan 3 yil muddatga ozod etiladi. Saralash va qayta ishlash texnikalari xaridi uchun 5 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi va qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan qismi qoplab beriladi. Bu ishlar uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablagʻlari hisobidan 5 yil muddatga bosqichma-bosqich 500 milliard soʻm kredit ajratiladi.

Bu sohadagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligi aytildi. Qayta ishlash quvvati bor klasterlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz qilib belgilandi. Buning evaziga ularga oʻz hududidagi chiqindilarni qayta ishlash darajasini kamida 40 foizga olib chiqish talabi qoʻyildi.

Tuman va shaharlarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday korxonalar tashkil etish, hududlar uchun 500 ta maxsus transport olib kelish, ijtimoiy muassasalar va bozorlarga qoʻshimcha konteynerlar oʻrnatish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi “Maxsustrans” korxonasi transformatsiya qilinib, uning negizida davlat-xususiy sheriklik korxonasi tashkil etiladi. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, maishiy chiqindilarga toʻlov undirishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi. 

Organik, qurilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilishning xavfsiz tizimini yaratish zarurligi qayd etildi.

– Bu sohani yil sayin takomillashtirib borish kerak, chunki yil sayin yangi muammolar paydo boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, 2021 yil noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilinib, 200 million tup daraxt koʻchati ekish rejalashtirilgan edi. Bunga muvofiq, kuzda 85 million dona koʻchat oʻtqazildi. Koʻplab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik koʻrsatdi. Bu yil bahor mavsumida 125 million dona daraxt koʻchatlarini ekish moʻljallanmoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt koʻchatini ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada koʻrinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

1 martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishi eʼlon qilindi. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalarni koʻpaytirish zarurligi qayd etildi. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga 10 million dona mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini aholiga bepul tarqatish, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga xalqaro va respublika ahamiyatidagi yoʻllar chetida ixota daraxtzorlar barpo etish boʻyicha topshiriq berildi.  

Mutasaddi idoralarga barcha tuman va shaharlarni qamrab oladigan “mobil eko patrullar” faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Yigʻilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlarining axboroti eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.