Bu Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 iyundagi 460-son “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz aksini topdi.
Avtomobil chiroqlari… Bu garchi tunda yoʻlni yoritish uchun gʻoyat zarur boʻlsa ham hozirgi kunda aynan shu soʻzlar tilga olinishining oʻziyoq koʻpchilikda norozilik kayfiyatini uygʻotmoqda. Bunga asosiy sabab avtomobillarning signal beruvchi chiroqlarini kunduz kuni ham yoqib yurish bilan bogʻliq yangi qoida amaliyotga kiritilgani boʻldi.
Yurtdoshlarimiz bu qoidaga qarshi boʻlib, bunga Oʻzbekistonning iqlim sharoiti, yaʼni yozning jazirama issigʻida kunduz kuni avtomobil chirogʻini yoqib yurish transport vositasining qizib ketishiga, oqibatda turli noxush voqealar sodir boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.
Bu masala turli doiralarda muhokamalarga ham sabab boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri 2019 yil 23 mayda ushbu masalada yangi qaror loyihasini tayyorlash boʻyicha topshiriq ham bergan edi.
Shunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorning ishlab chiqilishiga asosan nimalar sabab boʻldi va unda qanday maqsad koʻzda tutilgan?
Ushbu savollarga javob olish maqsadida OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Poʻlat BOBOJONOVga murojaat qildi.
— Avtomobillarda avtomat yonib turadigan kunduzgi signal chiroqlarini oʻrnatish va undan foydalanish amaliyoti yoʻllarda xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy choralardan biridir. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi 292-son qarori bilan kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilab qoʻyildi.
Ammo bu talabning amalga kiritilishi konstruksiyasida kunduzgi signal chiroqlari mavjud boʻlmagan avtomototransport vositalarini ushbu jarayonga tayyorlash (kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlash)da qoʻshimcha vaqt zarurligini taqozo etmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan barcha avtomototransport vositalariga majburiy texnik talab sifatida ishlab chiqaruvchilar tomonidan avtomat yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlarini oʻrnatish talabi belgilanmagani natijasida fuqarolar avtomototransport vositalarini oʻzboshimchalik bilan kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlamoqda. Oʻrnatilayotgan kunduzgi signal chiroqlarining sifatsizligi esa avtomobillarga zarar yetishiga sabab boʻlayotir.
Qolaversa, amaldagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128-moddasida tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzgani uchun haydovchilarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismi (101 ming 365 soʻm) miqdorida jarima solish nazarda tutilgan. Biroq, amalda kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmagan avtomototransport vositalari haydovchisi ham ushbu norma boʻyicha maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻlmoqda.
Mana shu jihatlarning barchasi chuqur oʻrganilgan holda Hukumatning ushbu sohaga oid yangi qarori tayyorlandi va qabul qilindi.
— Qarorda asosan nimalar nazarda tutilmoqda?
— Qarorga koʻra, 2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish shartligi boʻyicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorugʻ vaqtida transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda, yoʻlovchilarni tashiyotgan avtobus va yoʻnalishli transport vositalarida, bolalar guruhini tashkiliy tashishda, xavfli, katta oʻlchamli va ogʻir vaznli yuklarni tashishda, mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida) hamda mototsikl va mopedlarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi zarurligi belgilab qoʻyildi.
2020 yil 1 yanvardan quyidagi tartib joriy etiladi:
mamlakatimizda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi;
chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlari mavjudligini sertifikatsiyadan oʻtkazish uchun majburiy texnik talab sifatida belgilanadi.
Bundan tashqari, tegishli vazirlik va idoralar muomalaga chiqarilayotgan gʻildirakli transport vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni mazkur qaror talablaridan kelib chiqib takomillashtiradi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga haydovchilarning kunning yorugʻ vaqtida transport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmagani uchun javobgarlikni yengillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
— Qaror talablari amaliyotga joriy etilgach, qanday natijalarga erishiladi?
— Yuqorida tilga olingan yangi amaliyotlar joriy etilishi natijasida yoʻllarda harakat xavfsizligi taʼminlanishi kuchayadi. Kunduzi signal beruvchi maxsus chiroqlarning belgilangan qoidalar asosida oʻrnatilishi, bunga maʼlum vaqt ajratilgani fuqarolar uchun yaratilgan katta qulaylik boʻldi. Maxsus chiroqlar oʻrnatilishi esa oʻz-oʻzidan issiq kunlari chiroq yoqish oqibatida transport vositalari qizib ketishi bilan bogʻliq noxush holatlarga ham, mulohazalarga ham barham beradi.
Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning kelgusida qaror talablari asosida ishlab chiqilishi yurtdoshlarimizga katta qulaylik yaratadi.
Xorijda ishlab chiqarilgan va mamlakatimizga keltirilayotgan transport vositalaridagi signal buruvchi chiroq bilan bogʻliq holati maxsus koʻrikdan oʻtkazilib, amaldagi talablarga moslashtirilishi ham kelgusida yuz berishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini oladi.
Norgul Abduraimova, OʻzA