Avtomobilsozlikni rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
88
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni avtomobilsozlik va qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida bu sanoat tarmoqlari izchil modernizatsiya qilinmoqda. Logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, soʻnggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish 3 barobar koʻpayib, joriy yil yakunida 415 ming donaga yetishi kutilmoqda. Sohada davlat monopoliyasini yoʻq qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 3 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Bugun yurtimizdagi 8 ta zavodda oʻnlab turdagi avtomobillar, yuk va yoʻlovchi tashish transportlari, qishloq xoʻjaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, bu sohada 2 mingdan ziyod korxona yaxlit kooperatsiya tarmogʻiga bogʻlandi va 50 foiz mahalliylashtirish taʼminlandi.

Shu bilan birga, bozorda talab hali ham yuqori. Ham tashqi, ham ichki bozorda avtozavodlar oʻrtasida raqobat kuchaymoqda. Endi “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati ham mahsulotlar modelini kengaytirib, sifatini yaxshilash, tannarxni kamaytirib, raqobat muhitida ishlashga oʻtishi zarur.

Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar, tarmoq oldidagi vazifalar muhokama qilindi. 

Xususan, mamlakatimizda yengil avtomobil ishlab chiqarishni 2030 yilgacha 1 million donaga yetkazish maqsad qilingan. Yigʻilishda bu borada 2024 yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi. 

Davlatimiz rahbari “Oʻzavtosanoat”ni transformatsiya qilishni jadallashtirish, xarajatlarni kamaytirish lozimligini taʼkidladi.

Maʼlumki, bugungi kunda jahondagi yetakchi avtozavodlar elektromobil ishlab chiqarishga oʻtmoqda. Mamlakatimiz sanoatchilari ham tezroq bu yoʻnalishni oʻzlashtirib, zamon talabiga moslashmasa, kelgusida bozorda oʻrin topishi yanada qiyin boʻladi.

Bu borada ilk loyihalar boshlangan. Kelgusi yilda shunday zavod ishga tushirilib, 10 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz bu yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratish muhimligini taʼkidlab, tarmoq korxonalarida elektromobillar uchun butlovchi qismlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻida bu yil 3 ming 500 donadan ortiq texnika ishlab chiqarilgan. 2030 yilgacha bu miqdorni yiliga 16 ming donaga yetkazish moʻljallangan.

Bu yil Chirchiqda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tashkil etildi. U yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin, ularni sotish tizimi zamon talablariga mos kelmayapti.

Shu bois mahalliy texnika xaridini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, klaster va fermerlarni jalb etib, bu borada buyurtmalar shakllantirish zarurligi taʼkidlandi va qoʻshimcha choralar belgilandi. Milliy traktorni mahalliylashtirish darajasini 35 foizga, osma texnika va tirkamalarni oʻrtacha 60 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.