Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
206
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda avtotransport vositalari haydovchilari uchun qoʻshimcha qulayliklarni yaratish, aholining avtotransport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq muammolarini tezkorlik bilan hal etish, shuningdek, fuqarolarimizning bu boradagi istaklari amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

1. Keng jamoatchilik bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot doirasida aholidan avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari miqdorini kamaytirish hamda avtomototransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish muddatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kelib tushayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. 2022 yil 1 iyuldan boshlab:

engil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilinsin;

jismoniy va yuridik shaxslarning yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berganlik uchun toʻlov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari etib belgilansin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:

a) ishlab chiqarilganiga oʻn yilgacha boʻlgan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomototransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;

b) yengil avtomototransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishning quyidagi muddatlari belgilanadi:

ishlab chiqarilganiga oʻn bir yildan oʻn toʻrt yilgacha boʻlgan yengil avtomototransport vositalari – ikki yilda bir marta;

ishlab chiqarilganiga oʻn besh yil va undan ortiq boʻlgan yengil avtomototransport vositalari – bir yilda bir marta.

Bunda mazkur muddatlar tijorat asosida yoʻlovchilar tashish faoliyatida foydalaniladigan yengil avtomototransport vositalari uchun tatbiq etilmaydi.

4. Avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan bir qatorda ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari tomonidan ham amalga oshirish tartibi joriy etilsin.

Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar oynalari tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsat berilgan avtotransport vositasiga boʻlgan egalik huquqi oʻzgarganda, davlat raqami belgisi almashtirilganda yoki avtotransport vositasi egasining maʼlumotlarida oʻzgarish boʻlganda avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini avtomatik tarzda saqlab qolish tartibini joriy etsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                 Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.