Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Axborot texnologiyalari barcha sohalarda samaradorlik va qulaylikka xizmat qiladi. Shu bois bu borada koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda 100 dan ortiq IT-maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 500 mingdan ziyod yoshlar dasturlashni oʻrgandi.
IT-parklar tashkil etilganidan buyon sohada eksport hajmi 50 barobarga koʻpayib, 40 million dollarga yetdi. Rezidentlar soni 147 tadan 500 taga oshdi, 300 dan ziyod yangi kompaniyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. IT-parklarda 8 ming 500 ta yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratildi.
Bunday ishlarni davom ettirib, soha rivojini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, yirik eksportyorlar bilan ishlab, IT-parklarda xizmatlar eksporti hajmini 80 million dollarga yetkazish moʻljallangan. Yalpi ichki mahsulotda raqamli iqtisodiyot ulushini oshirish, elektron xizmatlar uchun yengilliklar yaratish nazarda tutilgan. Taqdimotda shu borada taklif etilayotgan chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilda IT xizmatlar hajmini 35 foiz oshirib, 21 trillion soʻmga yetkazish, dasturlash xizmatlarini koʻpaytirish uchun barcha imkoniyat borligini taʼkidladi. Sunʼiy intellekt markazini ishga tushirishni jadallashtirish, xorijdan IT mutaxassislar jalb etish tartibini soddalashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga kelgusi yilda IT tarmoqlar tezligini 1,8 barobar oshirish hamda 1 million qoʻshimcha keng polosali tarmoqlar oʻrnatish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali aholi punktlarining barchasi mobil aloqa va keng polosali internet bilan taʼminlanadi. Prezident yangi texnologiyalar, avvalo, odamlarga xizmat qilishi, qulaylik yaratishi zarurligini taʼkidladi. Oxirgi yillarda 300 dan ortiq davlat xizmati elektron shaklga oʻtkazilib, shu yilning oʻzida ulardan 16 million marotaba foydalanilgan.
Kelgusi yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlar ulushi 60 foizga yetkazilishi belgilandi. Taqdimotda bu boradagi yana bir qulaylik: fuqaro pasportining raqamli profili haqida maʼlumot berildi. Gov Pass mobil ilovasi smartfonga oʻrnatiladi va unda pasport, diplom, mehnat daftarchasi, haydovchilik guvohnomasi kabi koʻplab hujjatlar jamlanadi. Yaʼni, fuqaroning barcha hujjatlari doim yonida, telefonda boʻladi. Bu vaqt va pulni tejab, qogʻozbozlikni kamaytirishga xizmat qiladi, ovoragarchiliklarni bartaraf etadi.
“Xavfsiz shahar” tizimi ijrosiga doir masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. 2026 yilgacha bu tizimni toʻliq joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirishning moliyaviy manbalarini mustahkamlash boʻyicha ham koʻrsatmalar berdi.