Axborot texnologiyalari sohasidagi vazifalar muhokama qilindi

0
98
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni soha va hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi uch yilda axborot texnologiyalari sohasiga katta eʼtibor qaratilgani oʻz natijasini beryapti. Oʻtgan yili IT-park rezidentlari 5 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatgan, 140 million dollarlik xizmatlarni eksport qilgan.

Mavjud 715 ta davlat xizmatidan 370 tasi raqamli platformaga oʻtkazilgan boʻlib, ulardan oʻtgan yili 12 million aholi foydalangan. Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi maʼlumot va hujjatlarni aholidan talab qilish bekor boʻlgan.

Lekin, bular hali yetarli emas. Soha va hududlarda qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻp. Xususan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan. Aholi eng koʻp murojaat qiladigan ichki ishlar, adliya, standart, sogʻliqni saqlash sohalarida oʻnlab xizmatlar elektron shaklga oʻtkazilmagan.

Axborot texnologiyalari sohasida mahsulotning ham, eksportning ham asosiy qismi Toshkent shahriga toʻgʻri kelayapti. Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida IT-parklar haligacha qurib bitkazilmagan.

Yigʻilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilandi.

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT-arxitektor, operator va muhandislar kerak. Hududlarda yuqori tezlikdagi internet tarmogʻini kengaytirish lozim. Xorijiy IT-kompaniyalar koʻpayishi uchun yanada qulay muhit yaratish zarur. Aholi va tadbirkorlar uchun eng zarur boʻlgan yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish joiz.

Davlatimiz rahbari bu boradagi imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.

Avvalo, Toshkent shahrida sinovdan oʻtgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi. Xususan, poytaxtimizda Raqamli geoportal, Raqamli uy-joy kommunal, Xalq nazorati kabi tizimlar ishga tushirilgan edi. Shahar hokimligida Raqamli rivojlanish departamenti tuzilgan edi. Endi ushbu departament Raqamli texnologiyalar vazirligiga oʻtkazilib, mamlakatimizning barcha hududlarida raqamlashtirishga masʼul boʻlishi qayd etildi.

Barcha biznes jarayonlar hamda aholi uchun eng zarur xizmatlarni toʻliq raqamlashtirib, integratsiya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Birgina misol: oldin maktab oʻquvchilarining yagona bazasi boʻlmagani sababli maktablarda sinflar miqdori turlicha boʻlgan. Oʻtgan yili sentyabrda maktab, bogʻcha, FHDYo va ichki ishlar organlarining maʼlumotlari uygʻunlashtirilgani natijasida asossiz ochilgan 4 mingta sinf qisqartirilgan va 350 milliard soʻm byudjet mablagʻi tejab qolingan.

Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa sohalarda ham amalga oshirish mumkinligini taʼkidladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu maqsadlar uchun mablagʻ ajratish, shuningdek, raqamlashtirish hisobiga iqtisod qilingan mablagʻlarning yarmini vazirlik va hokimliklarning oʻzida qoldirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligiga 26 ta axborot tizimini Yagona davlat xizmatlari portaliga birlashtirib, undagi xizmatlar sonini 570 taga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

– Raqamlashtirishdan maqsad-muddaomiz nima oʻzi? Odamlarni rozi qilish, inson qadrini joyiga qoʻyish, adolatni taʼminlash, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yoshlarni axborot texnologiyalariga oʻqitish, ishlashiga sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarurligini taʼkidladi.

Bu borada, 1 apreldan “Elektron hukumat”, “Biznes uchun dastur”, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha mukofot jamgʻarmasi 1 million dollar boʻlgan Respublika tanlovi boshlanishi eʼlon qilindi. Shuningdek, hududlarda yoshlar yaratgan 50 ta eng yaxshi dastur Raqamlashtirish jamgʻarmalari hisobidan sotib olinadi.

Soʻnggi ikki yilda yurtimizda 215 ta IT-taʼlim markazlari ochilgan. Bunday muassasalarni va ularning bitiruvchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy imtiyozlar berilishi aytildi. Jumladan, eksportchi kompaniyalarga ishga joylashgan har bir mutaxassis uchun 25 million soʻmgacha, imkoniyati cheklangan yoshlarga esa 35 million soʻmgacha subsidiya ajratiladi. IT-sertifikati bor yoshlarga kompyuter xaridi uchun imtiyozli kredit ularning shaxsiy plastik kartasiga oʻtkazib beriladi.

“Bir million dasturchi” loyihasi ham oʻz samarasini berdi. Hozirda IT-parklar mutaxassislarining koʻpchiligi shu dasturni tamomlagan yoshlar hisoblanadi.

Endi yoshlarni “Coursera” platformasi orqali oʻqitish ham kengaytiriladi. Ular orasidan eng iqtidorlilari tanlab olinib, alohida dastur asosida xalqaro IT-bozor uchun tayyorlanadi.

Yigʻilishda sohadagi eksportni koʻpaytirish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Joriy yilda bu koʻrsatkichni 300 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy buyurtmalarni jalb qilishga qoʻshimcha sharoitlar yaratish zarurligini taʼkidladi. Shu bois IT-parkda xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli moliya texnologiyalari markazi tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborot va takliflari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.