«Vatanparvar inson ota-onasini, bola-chaqasini, oilasini, ona tuprogʻini koʻz qorachigʻiday avaylab-asraydi”, deydi viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasining birinchi oʻrinbosari Gulsara Qurbanbayeva. Suhbatimiz jamiyatda ayollarning oʻrni va gender tenglik mavzusida boʻlib oʻtdi.
– Gulsara Ahmedovna, bugun yangicha tafakkur, yangicha yashash jarayonida zoʻr gʻayrat va shijoat bilan mehnat qilayotgan, farzand tarbiyalayotgan ayollarimiz haqida qanchalar toʻlib-toshib gapirsak arziydi. Shunday emasmi?!
– Hadisi sharifdagi “Jannat onalar oyogʻi ostidadur”, “Avval onangizga, yana onangizga va yana onangizga, soʻngra otangizga yaxshilik qiling”, degan benazir soʻzlarda ham ana shu cheksiz ehtirom namoyon. Shu maʼnoda mustaqil Oʻzbekistonimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oila va uning taʼsirida shakllanuvchi insoniy fazilatlar, birinchi galda, onaning oq sutidan, uning chaqaloqqa boʻlgan mehr-muhabbatidan, beshik tebratib oʻtkazgan bedor tunlaridan, ehtirosga va zavq-shavqqa toʻla havasmand onlaridan boshlanadi.
Ayolni fidoyilik, tengsiz sadoqat, mehr-muhabbat timsoli sifatida ulugʻlaymiz. Millatning kelajagi, istiqboli onalar qoʻlida ekanligini har daqiqada his etamiz. Bu ezgu gʻoya kuni kecha paydo boʻlmagan. Bu qadriyat qadim-qadimdan bizga meros qolgan.
Ona, rafiqa, qiz soʻzlari ayollarimizning fazilatlarini ifoda etadi. Vatanimiz kelajagi boʻlmish farzandlarni tarbiyalayotgan onalar, turmush oʻrtogʻini oq yuvib, oq tarab xizmatga joʻnatayotgan rafiqa, onasining eng yaqin yordamchisi, ota-onaning mehriboni va Vatan kelajagini tarbiyalashga tayyorgarlik koʻrayotgan qiz!
Endi, ushbu qator fazilatlar sirasiga mutaxassis va siyosatchi vazifalarini ham qoʻshing. Ayollar bajarayotgan ishlarni koʻz oldingizga bir keltiring. Fozillik va siyosatchilik ayoldan naqadar katta kuch, sabot, qatʼiyat, tadbirkorlik xususiyatlarini talab etishini anglash qiyin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida: “Fuqarolarning jinsi, millati, diniy eʼtiqodidan qatʼiy nazar teng huquqli ekanligi”, 46-moddada “Erkak va ayollarning teng huquqligi”, 117-moddada esa “Saylash va saylanish huquqlari” kafolatlangan.
Shuningdek, Mehnat va Oila kodekslarida ayollarga imtiyozlar berilib, huquqiy himoyaga olingan. Bugungi kunda oila, onalik, bolalik ijtimoiy muhofazasi va ayollar huquq va erkinliklarini taʼminlovchi Oʻzbekiston Respublikasining 100 ga yaqin qonun va qonun osti hujjatlari mavjud. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu yoʻnalishdagi xalqaro huquqiy normalarga ham qoʻshilgan. Masalan, Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan va 1981 yili kuchga kirgan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida”gi konvetsiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib, 1995 yili ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiya 30 moddadan iborat boʻlib, unda xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, teng huquqliligi belgilangan. Shuningdek, “Onalikni himoya qilish toʻgʻrisida”, “Mehnat va ish turlari sohasida kamsitishlar toʻgʻrisida”gi va boshqa hujjatlar mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qator-qator farmon va qarorlari, jumladan, “Davlat va jamiyat qurilishida ayollarning rolini oshirish toʻgʻrisida”, “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom avlodni shakllantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” va boshqa koʻplab hujjatlar bor. Har yili muayyan yoʻnalishda qabul qilinayotgan maxsus davlat dasturlarining hayotga tadbiq etilishi doirasidagi rejali ishlar qaysidir darajada ayollarimizning hayot sharoiti va sifatini yaxshilashga ham aloqadordir.
Xotin-qizlarni, siyosatchi ayollarni yuzaga chiqaradigan huquqiy omillardan yana biri parlament saylovlarida ayollarga kvota belgilanganligidir. Siyosiy partiyalardan Parlamentga nomzod koʻrsatilayotganda ayollarga 30 foizlik kvota belgilandi. Saylov qonunchiligimizni bu tariqa takomillashtirilishi milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqqan. Natijada ayollarning Milliy qonunchilikdagi faol ishtiroki taʼminlandi. Ushbu kvota belgilanganligi tufayli parlament aʼzolari boʻlgan ayollar soni avvalgi parlament sayloviga koʻra ikki baravarga koʻpaydi. Xotin- qizlarning qonun chiqaruvchi organda ishtirokini kuchaytirish ikkala jins vakillarining baravar ishtirok etishiga olib kelyapti.
Davlatimiz rahbarining tashabbusiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi tuzilma – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmitaning tashkil etilganligi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarning qabul qilinganligi ayollarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish, xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida huquqiy tenglikni mustahkamlashning yuksak namunasidir.
– Darvoqe, ikkala jins – gender munosabatlari haqida gapirganda, albatta uning maʼnaviyatimizga taʼsiri darajasi naqadar kuchli ekanligini eʼtirof etmasdan ilojimiz yoʻq.
– Juda toʻgʻri va adolatli fikr aytdingiz. Gender muammosi erkak va ayolning jamiyatda tutgan ijtimoiy mavqe qanday boʻlishi kerakligini tahlil qilibgina qolmay, balki jamiyat rivoji va taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalar qay yoʻsinda amalga oshirilayotganligini kuzatadi. Bu oʻzaro munosabatlar jamiyatimiz rivojida va mamlakat taraqqiyotining muhim bosqichlarida katta ahamiyatga ega.
Gender tenglik haqida koʻp ehtirosli soʻzlarni gapirish mumkin. Chunki, bugun gender muammosi maʼnaviyatni yuksaltirish, oʻzlikni anglash va asrash, inson haq-huquqlarini poymol etmaslik singari masalalarni ham oʻzida ifodalashi bilan xarakterlidir. Shuning uchun gender munosabatlarini oʻrganish bizning mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Siyosat chuqur tahlillarga, aniq maqsad, izchil rejalarga asoslangandagina barqaror boʻladi.
– Gender yondoshuvni kundalik hayotimizga tizimli ravishda tatbiq etmoq uchun eng avvalo nimalarga eʼtibor bermoq lozim?
– Bugun biz jamiyatimizda kechayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy jarayonlarga qaysidir darajadagi masʼul kishilar, faoliyatimizning har bir daqiqasida ana shu ulugʻvor siyosatga daxldor ekanligimizni xis qilamiz. Shu maʼnoda, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, oʻzini jamiyatimiz yuksalishiga taalluqli inson ekanligini tushunmogʻi kerak. Jamiyatda muttasil ravishda rivojlanish jarayoni davom etar ekan, uning taraqqiyoti uchun gender munosabatlarini toʻgʻri oʻrganmoq lozim. Oʻz oʻrnida gender munosabatlari taraqqiyotga oʻz ijobiy taʼsirini oʻtkazadi.
Nazarimda, har qanday siyosatni, jumladan gender munosabatlarini ham eng avvalo oʻzimizdan, oilamizdan boshlamogʻimiz kerak. “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan xalqimizda yaxshi bir ibora bor. Farzandlar tarbiyasida biz koʻp hollarda ota-ona masʼuliyatini chetlab oʻtamiz. Agar biror ijtimoiy koʻngilsizlik, u yoki bu farzandlarimiz bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelsa, “Mahalla nega jim turgan?”, “Oʻquv yurti qayoqqa qarayapti?”, “Mahalla posbonlari nega jim?” degan xitoblar quloqqa chalinadi. Lekin, negadir “Nega ota-onasi bunga yoʻl qoʻygan”, “Nega otasi toʻgʻri tarbiya bera olmagan?”, “Nega onasi beparvolik qilgan?” kabi savollar oʻrtaga tashlamanmaydi. Vaholanki, farzand tarbiyasi, hayoti uchun eng birinchi navbatda uni dunyoga keltirgan ota-ona yuz foiz javobgar-ku! Bugun farzandlarimiz tarbiyasini oʻz holiga tashlab qoʻysak, ertaga jabrini oʻzimiz tortishimiz haq.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil qilingan yangi tizim mahallalar va oilalar ishini muvofiq ravishda olib borishga, oilalarda oʻgʻil-qiz tarbiyasiga, “Oila, maktab, mahalla” tamoyilini yanada samarali tashkil qilishga xizmat qiladi. Oiladagi muhitni ayollar yaratadi.
– Gender tenglik buzilganida oilada, boringki, jamiyatda qanday vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin?
– Gender masalalariga eʼtibor berilmagan vaziyatlarda adolat mezonlariga putur yetadi, tengsizlik, inson haq-huquqlarining poymol boʻlishiga oʻz-oʻzidan yoʻl ochiladi. Tenglik boʻlgan joyda tinchlik boʻladi, tinchlik, osoyishtalik esa farovonlikka yetaklaydi. Shuning uchun har birimiz tinchlik deb atalmish neʼmatning nondek aziz ekanligini, adolat deb nomlanmish buyuk haqiqatning naqadar ulugʻvor ekanligini gender manfaatdorlik orqali ifoda etishimiz hayot tarzimizga ham mos desak xato boʻlmaydi. Inson va uning manfaatlari, erkak va ayollar oʻrtasidagi munosabatlar haqidagi tushunchalar gender taʼlimining asosini tashkil etar ekan, bu hech bir jins past yoki baland degan tushunchani keltirib chiqarmaydi. Bolajonlarimizni hali onasining vujudidaligidayoq ana shu yuksak tuygʻu va oliyjanob gʻoyalar bilan tarbiyalamok kerak.
– Bugun xotin-qizlar koʻproq qaysi sohada rahbarlik lavozimida mehnat qilishyapti?
– Agar respublikamiz miqyosidagi raqamlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, sogʻliqni saqlash vazirligida 62,1, xalq taʼlimi vazirligida 71,3 foiz xotin-qiz yuqori rahbar (boshqarma boshliqlari, hududiy boʻlimlar rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari, idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari) lavozimlarida ishlashmoqda. Maktab direktorlarining 35 foizi, oʻrinbosarlarining 47 foizi, “Barkamol avlod” markazlari rahbarlarining 56 foizi, maktabgacha taʼlim muassasalari mudiralarining 100 foizi xotin-qizlardir. Boshlangʻich taʼlim darajasida mehnat qilayotgan oʻqituvchilarning 89,5 foizi xotin-qizlardan iborat. Oʻrta taʼlim darajasida esa bu koʻrsatkich 64,4 foizni tashkil etadi. Turli ilm-fan va ishlab chiqarish sohalarida 514 fan doktori, qariyb 4780 fan nomzodi, 6 nafar akademik samarali mehnat qilmoqda. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tarkibida 38 ming 392 kishi (tarmoq kasaba uyushmalari, viloyat birlashmalari, tuman va shahar kengashlari, birlamchi tashkilotlar raislari) rahbarlik lavozimida ishlashmoqda. Ularning 16 ming 942 nafari yoki 44,1 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi.
– Rahbar ayol va ona sifatida dilingizdan nimalar oʻtadi?
– Hali qiladigan ishlarimiz juda koʻp ekanligini oʻylayman. Bu – eng avvalo oilalarning tinchligini taʼminlash, farzandlarimizning har tomonlama kamolotga yetishlari uchun saʼy-harakatlarimizni yanada ishga solishdan iboratdir. Ayollarni ish bilan taʼminlash, ularni turli kasb-hunarlarga oʻrgatish barobarida kambagʻallikka barham berish choralarini koʻrish muhim tadbirlarimizdan biri.
Ayniqsa, ayollarga yarashmaydigan salbiy illatlar, yaʼni, xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklar, jumladan, jinoyatchilik, odam savdosi, oilaviy ajrimlar, erta nikohlar, oʻz joniga qasd qilish holatlarini oldini olishimiz, buning uchun xalqimiz orasiga kirib, ular bilan samarali muloqot oʻrnatishimiz, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish yoʻllarini izlamogʻimiz darkor.
– Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat! Ezgu ishlaringizda yanada yuksak parvozlar tilab qolamiz.
Suhbatdosh- Dilbar BEKCHANOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi