AYOLLARI TINCH YASHAGAN YURT

0
161
marta koʻrilgan.

tinch boʻladi, ayollari xor boʻlgan yurt esa falokatga uchraydi, deyiladi, Hadisda. “

Aqliga ish buyurib”, oilasi bagʻrida tinch va osoyishta hayot kechirayotgan, mehnat qilib, uning rohatini koʻrayotgan  ayollarga hammamizning xavasimiz keladi. Yoki  aksincha,  issiq goʻshasini, oilasini,  jumladan, farzandlarini yillar davomida oʻz holicha tashlab ketayotgan, keyinchalik afsus chekayotgan onalar, ularning soʻnggi pushaymonlarga toʻliq iztiroblari haqida  koʻp eshitamiz.

 Xorazm viloyati oila va xotin- qizlar boshqarmasi boshligʻi,  viloyat hokimining oʻrinbosari Qutlimurodova Nigora Masharipovna  bilan  suhbatimiz ana shu masalalar doirasida boʻlib oʻtdi.

 – Nigora Masharipovna, yurtimizda inson qadri-qimmatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgan islohotlardan, misli koʻrilmagan darajada oʻzgarishlardan barchamizning koʻzimiz quvonadi,  dilimiz yayraydi.  Shak-shubhasiz,  erishilayotgan yutuqlarda, amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi ishlarda xotin-qizlarning oʻrni va roli alohida.

 – Muhtaram Prezidentimiz  eng avvalo aholining nozik qatlami boʻlgan xotin-qizlar va bolalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga katta  eʼtibor beryaptilar. Ammo  qator  yutuqlarga qaramasdan haligacha ogʻir turmush sharoitlarini boshdan kechirayotgan, iqtisodiy qiyinchiliklarda yashayotgan oilalar, ishga yaroqli, biroq  muhtoj ayollar anchagina. Ularni  ish bilan taʼminlash, munosib turmush  sharoitlarini yaratib berish  eng muhim vazifa. Zero, ayol rozi boʻlsa, oila baxtli, jamiyat  tinch boʻladi.

 Mamlakatimizda inson manfaatlarini kuchli tamoyillar asosida himoya qilishga yoʻnaltirilgan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” “Temir daftar” larning joriy etilishi oilalar,  ayollar taqdirini, turmushi va hayotini tubdan oʻzgartirishga,  farzandlarimiz baxti va saodatini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Zero, bunday ijtimoiy himoya biron  bir davlatda kuzatilmaganligining guvohi boʻlishimiz mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, viloyatimizda  jami 1 million 971 mingdan ortiq aholining 50 foizini ayollar tashkil qiladi. Ish bilan band boʻlgan ayollar 306 ming 701 nafar, mamlakatimizdan tashqarida ishlayotganlar xotin-qizlar esa 27 ming 478 nafardan iborat. Hozirgi kunda 41 ming 881 nafar ayol ishlash xohishini bildirgan. Demak, oldimizda 41 mingdan ziyod ayolni toʻliq ish bilan taʼminlash, ularga kasb-hunar oʻrgatish  masalalari koʻndalang turibdi.

Toʻgʻri, bu oson emas, ammo vohamizda tashkil qilinayotgan yangi ishlab chiqarish sanoat obyektlari, xorijiy investorlar koʻmagida bunyod qilinayotgan qoʻshma korxonalarning ishga tushishi, kasanachilik va hunarmandchilikni  yanada rivojlantirish natijasida yaqin uch yillikda ayollarni ish bilan band qilish darajasi 90 foizga oshishi rejalashtirilgan.

 – Vohada xotin-qizlarining tadbirkorlik yoʻnalishida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari salmoqli. Shular haqida ham   gapirib oʻtsangiz.

 – Jamiyat rivojida xotin-qizlarning roli juda katta. Raqamlarga eʼtibor beraylik. Tahliliy maʼlumotlarga koʻra bugungi kunda viloyatimiz xotin-qizlarining ijtimoiy-siyosiy hayotdagi, tadbirkorlik yoʻnalishidagi faolligi tobora  oʻsayotganining guvohi boʻlish mumkin. Oʻtgan yil davlat ishlaridagi rahbar ayollarning oʻrni  20 foizdan 25 foizga, deputatlar 21 foizdan 29 foizga, tadbirkor ayollar 19 foizdan 32 foizga, turli koʻrik-tanlovlar va sport musobaqalari sovrindorlari 37 foizdan 52 foizga oʻsdi.

Joriy  yilning 1 iyul   holatiga  xotin-qizlar uchun  oʻzini–oʻzi band qilishi va tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishlari  maqsadida  tijorat banklari tomonidan 7 ta faoliyat yoʻnalishi boʻyicha (tikuvchilik, xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish, hunarmandchilik, parrandachilik, chorvachilik, asalarichilik) yoʻnalishlarida  9  ming  842   nafariga  jami 212  mlrd  802   mln soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratilgan. 9360 nafar ayollar kasb-hunarga oʻrgatilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» 2022 yil 21 sentyabrdagi PQ-376-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida                    2022 yilda 13 ta mahallalarda, joriy yilda 52 mahallalarda  xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil qilindi.

 Markazlarning asosiy vazifasi ishsiz, ayniqsa, qishloq joylarda bola tarbiyasi bilan uyda oʻtirib qolgan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida mahallalarda tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik kabi yoʻnalishlarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyishdan iborat. Markazlarda bitta loyiha doirasida 20 nafargacha xotin-qizlarning doimiy bandligini taʼminlash maqsadida har bir nafar bandligi taʼminlanadigan ishsiz xotin-qiz uchun oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda 3 million soʻmdan oshmagan miqdorda davlat granti ajratilishi nazarda tutilgan.2022 yilda Koʻshkoʻpir tumani “Fayz” xususiy korxonasi 20 nafar xotin-qizlarning bandligini taʼminlab    50 mln soʻm miqdorida davlat grandi olishga sazovor boʻldi.  Joriy yilda markazlarda faoliyat yuritgan 6 nafar tadbirkorlik subyektlariga 200 mln soʻm miqdorda davlat grandi ajratildi.

Nigora Masharipovna, ijtimoiy himoyaga muhtoj  ayollar va ularning oilalariga qanday  yordam va koʻmaklar berilmoqda?

 –Joriy yilning 6 oyi davomida nogironligi boʻlgan 161 nafar ayollarga nogironlik aravachasi, 112 nafariga eshitish moslamalari, 55 ta hassa va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berildi, 38 nafar xotin-qizlarning jarrohlik amaliyoti harajatlari qoplandi.

Viloyatda ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oʻqishi uchun kontrakt toʻlovlarini toʻlash tizimi joriy etilib, 150 nafar qizlarning kontrakt summalari mahalliy byudjet tomonidan ajratildi. “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga kiritilgan jami 55 ming nafar xotin-qizning 43 ming 529 nafariga amaliy yordamlar koʻrsatilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj 28 ming 454 nafar ishsiz ayollarning 23 ming 361 nafari ish bilan taʼminlandi. Tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 4368 nafar xotin-qizning 3724 nafariga  kreditlar ajratildi. Boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlarninig  9148 nafaridan  4980 nafariga “Ayollar daftari” jamgʻarmasi hisobidan bir martalik (1 mln 200 ming soʻmdan) moddiy yordamlar koʻrsatildi. Uy-joyi taʼmirlanadigan 277 nafar xotin-qizlarning 109 nafariga uy-joy masalasi boʻyicha amaliy yordamlar berildi. I va II guruh nogironi boʻlgan xotin-qizlarning  7122 nafaridan  5120 nafariga  bir martalik moddiy yordamlar ajratildi. Qaramogʻida nogironligi boʻlgan ehtiyojmand ayollarning 5340 nafaridan 4019  nafariga  bir martalik (1 mln 200 ming soʻm) “Ayollar daftari” jamgʻarmasidan moddiy yordamlar koʻrsatildi.

 – Ha, albatta, har bir ayol baxtli, goʻzal va farovon hayot kechirishga  haqli. Yaxshi  turmushni ayol oʻz saʼiy-harakati, aqli-farosati, taʼbir joiz boʻlsa qadoq qoʻllari, mehnati bilan yaratadi.

Ajrimlar haqida ham toʻxtalsak. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, viloyatda oila ajrimlarining koʻpayib ketayotganini kuzatish mumkin. Sabablari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz?

 –Toʻgʻri, viloyatda oʻtgan 2022 yilning 6 oyi davomida 1023 ta oilaviy ajrimlar qayd etilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2023 yilning 6 oyida 1274 tani tashkil qildi. Demak, oʻtgan yilga nisbatan 251 taga koʻpaygan. Oilaviy ajrim koʻrsatkichlarini shahar va tumanlar kesimida tahlil qilib oʻtadigan boʻlsak, Hazoraspda (102-121) 19 taga,  Xonqada (65-104) 39 taga, Gurlanda (60-96) 36 taga, Qoʻshkoʻpirda (93-116) 23 taga, Yangiariqda (69-97) 28 taga, Urganchda (105-139) 34 taga, Xiva shahrida (45-69) 24 taga, Shovotda (106-119) 13 taga, Urganch shahrida (154-163) 9 taga, Bogʻotda (73-79) 6 taga, Xivada  11 taga, Tuproqqaʼlada (38-48) 10 taga oshganligini, Yangibozorda (58-57) -1 taga kamayganligini koʻrish mumkin.

Oʻrganib koʻrganimizda, oilalarda quyidagi sabablar bilan  ajrimlar holatlari kuzatilgan: farzandsizlik sababli – 159 ta; uzoq vaqt bir oila boʻlib yashamaslik – 263 ta; nikohlanuvchining oilaga tayyor emasligi – 258 ta; uchinchi shaxs aralashuvi – 78 ta; ommaviy yoki xorijiy madaniyatning salbiy tasiri — 12 ta; xiyonat sababli – 42 ta; ichkilik, giyohvandlik oqibatida – 46 ta; moddiy yetishmovchilik – 41 ta; chet elga chiqish maqsadida -15 ta; boshqa imtiyozlar olish uchun – 352 ta;  tazyiq va zoʻravonlik sababi -4 ta; imtiyozli uy-joy olish – 4 ta.

 Ajrimlar  yosh kesimida tahlil qilinganda, 30 yoshgacha boʻlganlar orasida 256 nafarni, yaʼni 20 foizni, 30 yoshdan kattalar oʻrtasida esa 1018 nafarni, yaʼni 79,9 foizni tashkil qilgan.

2023 yil 1 iyul holatiga ajrim yoqasiga kelgan, nizoli oilalar soni 1421 ta oila boʻlib, “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” komissiyasi vakillari tomonidan 1226 ta (86,2%) oila yarashtirildi va ularning har biriga mahalladagi namunali oilalar, mahalla faollari, haj va umra ziyoratiga borgan xoji ota-onalardan murabbiylar berkitildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrda Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 820-son qarori asosida viloyatning 13 ta shahar va tumanlarida “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari” tashkil qilindi va faoliyat boshladi. Markazning asosiy vazifalaridan biri nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, manaviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha tizimli tayyorlash hisoblanadi.

 Viloyat xokimining topshirigʻiga asosan ajrimlarning oldini olish maqsadida har bir shahar, tumanda reja-jadval asosida markazlarda ishchi guruhi bilan birgalikda ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish choralari koʻrilmoqda. Haftaning har juma kuni “Ajrimlarning oldini olish”  kuni deb elon qilingan.

Viloyatda joriy yilning 6 oyida 7701 ta nikoh qayd qilingan boʻlsa, ularning 3883 nafari (juft nikohlanuvchilar) “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari” da oʻqitildilar.

Yuqoridagi sabablarga koʻra sanab oʻtilgan ajrimlarning oldini olish, boʻshliqning oʻrnini toʻldirish uchun eng avvalo oilalar, ayollar bilan koʻproq ishlashimizga, ularning  masalalarini oʻrganib, yangi yondoshuvlarni amalda tatbiq etishimizga toʻgʻri keladi. Vaholanki, oilalarning tinchligini hech narsaga tenglab boʻlmaydi.

  – Afsuski, baʼzi bir ayollar bilib-bilmasdan  jinoyat koʻchasiga kirib qolmoqdalar. Jinoyatchilikka moyilligi boʻlgan xotin-qizlar hamda  jazoni oʻtab qaytganlar bilan qanday profilaktik ishlar olib borilmoqda?

 – Xotin-qizlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.  Viloyat boʻyicha xotin-qizlar tomonidan 2023 yilning iyun holatiga 90 ta jinoyat sodir etilgan.
Bu oʻtgan yilning shu davrida nisbatan 14 ta koʻpayganligini koʻrsatadi.

 Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ichki ishlar, sogʻliqni saqlash hamda boshqa idoralarning hisobida turgan jami 1226 nafar  xotin-qizlar faoliyati, hayoti manzilli oʻrganildi. Oʻrganishlar natijasida ilgari sudlangan 165 nafari ishga joylashtirildi,  23 nafariga  moddiy va ijtimoiy yordam berildi, 15 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashildi. Shuningdek, oʻrganishlarda 2 nafarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari qayta tiklashga amaliy yordamlar koʻrsatildi. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, jami 814 nafar (ularning 1 nafari voyaga yetmaganlar, 118 nafari 18-30 yoshdagilar, 2 nafari ilgari sudlanganlar) xotin-qizlar ichki ishlar organlarining profilaktik hisobidan chiqarildi.

Profilaktik hisobda turgan 557 nafar xotin-qizga, 334 ta oilaga hamda ularning 145 nafar  bolalariga psixologik, huquqiy, ijtimoiy  yordamlar koʻrsatildi.

Uzoq muddatga yashash joyidan chiqib ketgan shaxslarning oilalari yagona reestrini yaratish va yangilab borish jarayonlari davom etmoqda.  Uzoq muddatga yil boshidan yashash joyidan chiqib ketgan 3835 nafar xotin-qizlarning har birining oila aʼzolari bilan jamoatchilik guruhlari va xotin-qizlar faollari, oqila ayollar birgalikda xonadonlarda manzilli oʻrganishlar olib bordilar. Uzoq muddatga yashash joyidan chiqib ketgan 30 ming 405 nafar xotin-qiz, 335 nafar voyaga yetmagan, 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan 15422 nafar yoshlarning oilalari bilan muntazam tushuntirish ishlari tashkil qilindi. Ana shunday  xonadonlarning oila aʼzolariga psixologik, huquqiy maslahatlar berib borish amaliyoti ham  yoʻlga qoʻyildi.

Xullas, barcha saʼiy-harakatlarimiz oilalar tinchligi, ayollarimiz baxti-saodati va  farzandlarimiz kelajagi uchun qaratilgan. Zero, ayol baxtli va koʻngli xotirjam yashasa, yurt tinch boʻladi. Keyingi paytda fermer, tadbirkor, rahbar ayollar va oila bekalari oʻrtasida oʻtkazilayotgan turli, rang-barang tadbirlarimiz ularning ishga, mehnat va yashashga boʻlgan ishtiyoqlari, ragʻbatlarini yanada kuchaytirayotganining guvohi boʻlyapmiz.  

Yaqinlashib  kelayotgan  “Eng ulugʻ, eng aziz “ bayram- Mustaqilligimizning 32 yilligi bilan barcha eldoshlarimni chin koʻnglimdan muborakbod qilaman. Tinch va osoyishta yurtimizda baxtli va saodatli yashash, farzandlarimiz rohatini koʻrish hammamizga nasib qilsin. 

 –Nigora Masharipovna, maroqli suhbatingiz uchun oʻz  minnatdorchiligimni bildiraman.

 – Salomat boʻling.      

Suhbatdosh: Dilbar BEKCHANOVA,  Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi,  “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni sohibasi 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.