Ayollarning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir

0
344
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlanmoqda. Ushbu ayyom munosabati bilan poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz”da tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram bilan tabrikladi.

Bu qutlugʻ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va moʻtabar Ona siymosiga taʼzim qilamiz. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir, dedi Prezidentimiz. Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sogʻ-omon boʻlinglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 martdagi qaroriga muvofiq bu yil yangi tartib asosida 28 nafar faol qizlarimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Bugungi kunda jamiyatimizda xotin-qizlarning oilalarni mustahkamlash, yosh avlodni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, xalqimizning koʻp asrlik boy maʼnaviy merosini asrab-avaylash, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib qadrlanmoqda.  

7 mart kuni Prezidentimiz ayollarimiz, opa-singillarimizga quvonch ulashgan yana bir hujjat – “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi. Mamlakatimizning ishlab chiqarish tarmoqlari, tadbirkorlik, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan opa-singillarimiz, turli vazirlik va idoralar vakilalari toʻkin dasturxon atrofida jam boʻldi.

Tadbirga mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomat ayollar, jumladan, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Xitoy Xalq Respublikasi, Fransiya, Misr Arab Respublikasi elchilarining ham taklif qilingani xalqimizga xos bagʻrikenglik, ayol zotiga boʻlgan hurmat-eʼtiborning yana bir ifodasi boʻldi.

Bayram sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan davom etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.