Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida

0
223
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2022 yil 18 mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni oʻz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash boʻyicha aholiga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini oʻtkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;

kasallik yuqishi xavfi yuqori boʻlgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlash bilan toʻliq qamrab olish;

skrining tekshiruvlarida virusli gepatit “S” turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul taʼminlash;

sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida virusli infeksiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-toʻplamlari) bilan bosqichma-bosqich toʻliq taʼminlash;

barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reestrini yaratish va uni yuritish;

vaksinalar, test-toʻplamlari va virusga qarshi dori vositalarining xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazoratini takomillashtirish;

virusli infeksiyalar muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari boʻyicha aholi oʻrtasida keng qamrovli tushuntirish, targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–215-son qaroriga asosan 2022 yil 1 iyundan boshlab qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Quyidagilar:

2022-2025 yillarda ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish boʻyicha dastur (keyingi oʻrinda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

2022-2023 yillarda epidemiologik koʻrsatmaga muvofiq, davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2022 yil 1 iyuldan boshlab har yili respublika aholisini virusli gepatit “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit “S” turi bilan kasallangan bemorlarni davolashni 10,5 ming nafargacha yetkaziladi;

2022 yil 1 sentyabrdan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga ularni oʻz hisobidan gepatitning “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish tartibi joriy etiladi.

5. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev):

Sogʻliqni saqlash vazirligi muassisligida “IT-Med” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reestri (keyingi oʻrinlarda – Reestr) 2022 yil 1 noyabrga qadar ishlab chiqilishini, shuningdek, kelgusida uning texnik va dasturiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlasin;

2023 yil 1 yanvarga qadar Reestrni yuritishni qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlaydigan xodimlarga ega boʻlgan davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tibbiyot tashkilotlariga joriy qilib, ularning oʻzaro integratsiyasini yoʻlga qoʻysin;

2022 yil 1 iyuldan boshlab Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning (donorlarning) qon plazmasi banki yaratilishini taʼminlasin;

davolash-profilaktika muassasalari va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida yuqumli kasalliklarga, shu jumladan, surunkali virusli gepatitlarga tashxis qoʻyish va ularni davolash standartlarini takomillashtirsin hamda ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

6. Belgilansinki:

2022 yil 1 iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlari qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlashni, shuningdek, Reestr ishga tushgan paytdan boshlab bu haqdagi maʼlumotning Reestrga kiritib borilishini taʼminlaydi. Bunda, emlanmagan xodimlarni emlash ularning asosiy ish joyi boʻlgan tibbiyot tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladi;

2024 yil 1 yanvardan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlarida qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan xodimlarning gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlangan boʻlishi hamda Reestrning belgilangan tartibda yuritilishi tibbiy faoliyatni litsenziyalash talablari va shartlaridan biri hisoblanadi.

7. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abdurahmonov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) bilan birgalikda 2022 yil 1 iyuldan boshlab har yili keng tarqalgan virusli infeksiyalar muammolarining ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

8. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abdurahmonov), Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (S.Kariyev) 2022 yilning yakuniga qadar virusli kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolanishida zarur boʻladigan vaksina, dori va diagnostikumlar kabi vositalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Belgilansinki, tegishli davolash-profilaktika muassasalari uchun zarur test-toʻplamlari, diagnostikumlar va sarflov materiallarini xarid qilish ishlarini moliyalashtirish Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

10. Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan vazirlik, idora, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati samarali muvofiqlashtirilishini hamda ularning oʻzaro hamkorligini, shuningdek, Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi yigʻilishlarida ushbu masala har yili muhokama qilinishini taʼminlasin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda joylarda virusli infeksiyalarning tarqalishi masalalari boʻyicha keng tushuntirishlar, targʻibot va tashviqot tadbirlarini oʻtkazishni kuchaytirsin.

12. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mavzuga oid maqolalar, turkum telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar tashkil etish orqali aholi oʻrtasida virusli infeksiyalarga qarshi kurashishning dolzarb masalalarini muntazam va keng yoritilishini taʼminlasin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari B.K. Yusupaliyev belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                     Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.