Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanidagi «Ayritom» chegara bojxona postini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, bu inshoot Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi yagona oʻtkazish punktidir. Mamlakatimizning Afgʻoniston, umuman, janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalari jadal rivojlanmoqda. Mazkur bojxona posti shunga yarasha zamonaviy qilib qayta qurildi. Oʻzbekistondan chiqish va Afgʻoniston tomondan yurtimizga kirish yoʻnalishida pasport nazorati va bojxona koʻrigi zallari barpo etildi.
Davlatimiz rahbari ushbu yangi majmualarda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Chegara bojxona posti «Raqamli Oʻzbekiston — 2030» dasturi doirasida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Masalan, «Z-Portal» rusumli koʻrik majmuasi avtotransport vositalarini uch tomondan suratga olish salohiyatiga ega. Shuningdek, unda radiatsiya miqdori minimal boʻlib, haydovchi mashinadan tushmasdan xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bu bir soatda 200 tagacha avtotransportni oʻtkazish imkonini beradi. Yurtimizdagi boshqa bojxona postlarida bunday quvvat soatiga 20 ta. Umuman, chegara bojxona postida bir kecha-kunduzda 2 ming nafargacha yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilishi mumkin.
— Bugungi hayotimizga bu maʼqul. Lekin dunyo soat sayin oʻzgarmoqda. Endi yangi pogʻonaga chiqish kerak. Bu yerda situatsion markaz bilan birga tahlil markazi ham boʻlishi zarur. Iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish va xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha yangi takliflar berib borish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yana bir oʻziga xos jihati, «Ayritom»da biryoʻla uch xil — poyezd, avtotransport va fuqarolarga xizmat koʻrsatiladi. Shu bois, oʻtkazuvchanlikni tezlashtirish va foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida yagona darcha tamoyili joriy etilgan. Xavfsizlikni taʼminlash uchun «Adani» va «Rapiscan» rusumli qurilmalar, videokuzatuv tizimi oʻrnatilgan.
Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.